Osiyo o‘yinlarida endi o‘zbek kurashi bo‘yicha 17 ta medallar jamlanmasi o‘ynaladi
Sport
−
25 fevral 2019
4384Sizga ma’lumki, shu kunlarda Osiyo Olimpiya Kengashi prezidenti Shayx Ahmad Al-Fahad Al- Sabah boshchiligidagi delegatsiya yurtimizda mehmon bo‘lib turibdi.
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov bugun delegatsiya a’zosi Xalqaro kurash assotsiatsiyasi prezidenti, Osiyo Olimpiya Kengashi Osiyo o‘yinlari departamenti direktori Haydar Farmon bilan muzokara o‘tkazish uchun uchrashdi. Tomonlar muzokaralarda asosan o‘zbek milliy sporti hisoblangan kurashning Osiyo o‘yinlaridagi o‘rnini mustahkamlash borasida fikr almashdilar. Uchrashuvda MOQ rahbari musobaqaning kurash bo‘yicha bahslarida vaznlar toifasini ko‘paytirish g‘oyasini ilgari surdi. Ushbu taklif Xalqaro kurash assotsiatsiyasi prezidenti tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi.
Natijada 2022 yilgi Osiyo o‘yinlaridan boshlab kurash 15 ta vazn toifasida (7 ta erkaklar, 8 ta ayollar) tashkil etiladi. Shuningdek, erkaklar va ayollar o‘rtasida jamoaviy bellashuvlar ham o‘yinlar dasturidan o‘rin oladi. Shu tariqa, milliy sportimiz nufuzi Osiyo o‘yinlarida yanada ko‘tariladi va kurash bahslarda umumiy hisobda 17 ta medallar jamlanmasi o‘ynaladi.