O‘zbek kurashi 2022 yilgi yozgi Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritildi

Sport

image

O‘zbek xalqining milliy sporti bo‘lmish kurash 2022 yil Xitoyning Xangjou shahrida bo‘ladigan XIX yozgi Osiyo o‘yinlarining musobaqalar dasturiga kiritildi.

O‘zAning yozishicha, bu 2-3 mart kunlari Tailand poytaxti Bangkok shahrida o‘tkazilgan Osiyo Olimpiya kengashining navbatdagi Bosh assambleyasida rasman tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, Xangjouda 40 ta sport turi bo‘yicha musobaqalar rasman o‘tkaziladi. Jakarta-2018 dagi Osiyo o‘yinlari dasturidan 42 ta sport turi o‘rin olgandi. Qolaversa, Indoneziyadagi musobaqada ishtirokchilar soni ham 11 720 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, Xitoyga bu boradagi ko‘rsatkich 10 000 nafarga kamayishi aytib o‘tildi.

2010 yilgi Guanchjou hamda 2014 yilgi Incheonda o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida rasman musobaqalar dasturiga kiritilgan kriket Indoneziyadagi musobaqalar dasturidan chetlatilgan edi. Ammo, 2022 yilgi Osiyo o‘yinlari dasturiga kriket qaytarildi.

Noolimpiya sport turlari orasida shaxmat, jiu-jitsu, kabbadi, kurash, sepak takrav, rolikda uchish va u-shu ham Xangjou-2022 ning rasmiy musobaqalari dasturiga kiritildi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Xalqaro kurash assotsiatsiyasi prezidenti Haydar Farmon 2022 va 2026 yilgi Osiyo o‘yinlarida kurash bo‘yicha bellashuvlar jami 17 ta vazn toifasida o‘tkazilishi haqida aytib o‘tgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Osiyo o'yinlari kurash

Baholaganlar

42

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing