Zaporoje AES tarixda birinchi marta tarmoqdan butunlay uzildi – Energoatom
Olam
−
25 avgust 2022
10768Rossiya harbiylari nazorati ostida Zaporoje atom elektr stansiyasi o‘z tarixida birinchi marta elektr tarmog‘idan butunlay uzildi. Bu haqda Ukrainaning “Energoatom” atom energiyasi ishlab chiqaruvchi milliy kompaniyasi Telegram’dagi sahifasida ma’lum qildi.
“Zaporoje AES yonida joylashgan Zaporoje Issiqlik elektr stansiyasining kul chiqindilaridagi yong‘inlar tufayli ZAES va Ukraina energetika tizimi o‘rtasidagi oxirgi (to‘rtinchi) aloqa liniyasi, ZAESning 750 kV – “Dneprovskaya” havo liniyasi ikki marta uzildi”, deyiladi xabarda.
Kompaniyaning ta’kidlashicha, rossiyalik harbiylarning xatti-harakatlari Zaporoje AESning elektr tarmog‘idan butunlay uzilishiga olib kelgan. Bu stansiya tarixidagi birinchi hodisa.
Energoatom avvalroq o‘qqa tutish vaqtida yana uchta aloqa liniyasi shikastlanganini eslatdi.
“AESning energiya ta’minotiga bo‘lgan ehtiyojlari Ukraina energetika tizimidan ZAES aloqa liniyasi – Zaporoje issiqlik elektr stansiyasi orqali ta’minlanadi. Avtomatlashtirish va xavfsizlik tizimlarining ishlashi haqida hozircha hech qanday izoh yo‘q”, deya qo‘shimcha qildi Energoatom.
Xabarda aytilishicha, energobloklardan birini tarmoqqa ulash bo‘yicha ishga tushirish ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya kuchlari Zaporoje atom elektr stansiyasi hududini joriy yilning 4 martidan beri nazorat qilmoqda.
LiveBarchasi