Zalujniy Zelenskiyning taklifini rad etdi – “The Economist”
Olam
−
31 yanvar
13258Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy mamlakat Prezidenti Vladimir Zelenskiyning Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi lavozimini egallash taklifini rad etdi. Bu haqda manbalariga tayanib, “The Economist” jurnali xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 29 yanvar kuni kechqurun Zelenskiy Zalujniy bilan uchrashuv o‘tkazgan. Prezident generalga uni ishdan bo‘shatish haqidagi qarori haqida ma’lum qilgan va uni Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi lavozimiga taklif qilgan.
“Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Prezidentning taklifini rad etdi”, deydi nashr manbalari.
Qayd etilishicha, Zalujniyning o‘rnini Ukraina Mudofaa vazirligi razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov egallashi kerak bo‘lgan. Biroq u ham oxirgi lahzada mamlakat Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni lavozimini egallashdan bosh tortgan. Zalujniyning o‘rniga yana bir ehtimoliy nomzod esa Ukraina Qurolli kuchlari quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy bo‘lgan.
Aytish joizki, so‘nggi kunlarda Zalujiniy ishdan bo‘shatilgani haqidagi xabarlar ommaviy axborot vositalaridagi asosiy mavzuga aylandi. Dastlab, 29 yanvar kuni Oliy Radaning sobiq deputati Borislav Beryoza Zalujniy lavozimidan chetlashtirilgani haqida xabar berdi. O‘z navbatida, Oliy Rada deputati Aleksey Goncharenko uning ikki manbasi bu ma’lumotni tasdiqlashini ta’kidladi. Keyinchalik u Zalujniy iste’foga chiqqani haqida xabardor qilinganini, ammo hozircha tegishli qaror yo‘qligini aytdi. Deputatning so‘zlariga ko‘ra, Zalujniyga Yevropa davlatlaridan birida elchi lavozimini taklif qilishgan, ammo bosh qo‘mondon rad javobini bergan.
Keyin ommaviy axborot vositalarida Zalujniy haqidagi farmon allaqachon imzolangani va uning o‘rniga Kirill Budanov tayinlanishi haqida ma’lumot tarqaldi. Shuningdek, ba’zi Telegram kanallarida Ukraina Mudofaa vaziri Rustam Umarov iste’foga chiqqani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Keyin Mudofaa vazirligi tarqatilayotgan ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini aytdi. Biroq bu holat OAVda vazirlik ham vazir, ham bosh qo‘mondonning iste’fosini rad etdimi yoki faqat Umarovmi degan savollarni keltirib chiqardi. Shundan so‘ng Ukraina Prezidentining matbuot kotibi Sergey Nikiforov Zelenskiy Zalujniyni ishdan bo‘shatmaganini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq “Bloomberg” manbalariga tayanib, Vashington rasmiylari Vladimir Zelenskiy va Valeriy Zalujniy o‘rtasidagi kelishmovchiliklar Kiyevning harbiy strategiyasini ishlab chiqishni sekinlashtirayotganidan xavotirda ekanini yozgandi.
LiveBarchasi