Zarbdor hokimi Captiva`si bo‘la turib, salkam 400 mlnga Trailblazer sotib oldi
Jamiyat
−
05 noyabr 2020
37750Jizzax viloyati Zarbdor tumani hokimi xizmat mashinasi bo‘la turib, 370 mln so‘mga Trailblazer rusumli avtomobil sotib olgani ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Hokimning yangi avtomobil sotib olganiga “Jizzax” telekanali lavhasida izoh berildi.
Ma’lum bo‘lishicha, 5 oktyabr kuni tuman hokimi bir dona Trailblazer rusumli xizmat mashinasi sotib olish maqsadida farmoyish chiqargan. Buning uchun 370 million 140 ming so‘m mahalliy byudjetning uchinchi chorak daromadlar rejasidan oshirib bajarilgan qismidan ajratilishi belgilangan.
Tumani hokimi Zafar Ro‘ziyev shifoxonada davolanayotgani, uning birinchi o‘rinbosari esa xizmat safarida ekanligi sababli pullar tumandagi muammolarga emas, mashina sotib olishga sarflanganiga Zarbdor tumani hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunal xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Alisher Erjigitov javob bergan.
Alisher Erjigitov Trailblazer sotib olinishiga tumani hokimining o‘rinbosari – mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘lim boshlig‘ida xizmat mashinasi yo‘qligini sabab qilib ko‘rsatgan.
“Ajratilgan mablag‘ga ozroq qo‘shgan holda xizmat mashinasi olindi. Hokim minib yurgan Captiva rusumli avtomashina ta’mirdan chiqarilib, birinchi o‘rinbosarga berildi. Birinchi o‘rinbosar xizmatida bo‘lgan Lacetti avtomashinasi esa ta’mirlanib, mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosariga berildi”, dedi tumani hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunal xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari.
Tuman 2020 yilning 9 oylik yakuni bo‘yicha tushumni 1 milliard 327 million so‘m byudjetdan orttirib bajargan.
“Orttirib bajarilgan puldan tuman tibbiyot birlashmasiga mablag‘ o‘tkazib berildi. Maktab o‘quvchilarini pandemiya davrida himoyalash uchun xalq ta’limi bo‘limiga xavfsizlik moslamalari uchun ham mablag‘ o‘tkazilgan. Bundan tashqari, “temir daftar”ga kiritilgan va qiynalgan oilalarga yordam sifatida mablag‘ chiqarilgan. “Ayollar daftari” hamda “yoshlar daftari”ni tashkil qilish uchun mablag‘lar sarflangan. “Adirovot” mahallasidagi hokimiyat balansida bo‘lgan binoning 2-qavatiga 250 mln sarflab, uysiz yurgan 5 ta oilaga uy-joy qilib, ularni joylashtirdik. “Yangikent” mahallasida suv ta’minotini yaxshilash uchun 67 million so‘m yo‘naltirilgan. Shuningdek, 8 ta ko‘chaga shag‘al yotqizish maqsadida yoqilg‘i mahsuloti uchun mablag‘ sarflangan”, dedi hokimlik vakili.
Eslatib o‘tamiz, “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonunning 20-moddasida mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha mablag‘lari birinchi navbatda ijtimoiy soha muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga yo‘naltirilishi lozimligi belgilangan.
LiveBarchasi