Boysun hokimligi Trailblazer sotib oldi. Bu ruxsat etilganidan qimmat

Jamiyat

image

Surxondaryo viloyatining Boysun tumani hokimligi 398 mln so‘mga Trailblazer rusumli avtomobil sotib oldi. Tegishli shartnoma Davlat xaridlari portaliga joylashtirilgan.

Shartnomaga ko‘ra, hokimlik noyabr oyida tuzilgan shartnoma bo‘yicha yetkazib beruvchiga avtomobilning 100 foiz summasini o‘tkazib bergan.

Ushbu xarid bo‘yicha Surxondaryo viloyati hokimligi rozilik bergan. Viloyat hokimining o‘rinbosari F.Mamanov imzosi bilan chiqarilgan xatda shunday deyiladi:

“Boysun tuman hokimligining 2021 yil 27 oktyabrdagi 01-0/4572-sonli xati tegishli tartibda o‘rganib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish choratadbirlari to‘g‘risida”gi 2021 yil 29 apreldagi 258-son qarorida belgilangan tartib asosida Boysun tuman hokimligining balansida turgan, 2013 yilda ishlab chiqarilgan, texnik nosoz holatdagi Captiva-2 xizmat avtomashinasini elektron auksion savdosi orqali sotilishiga va yangi xizmat avtomashinasi xarid qilinishiga e’tirozimiz yo‘qligini ma’lum qilamiz”.

Biroq tuman hokimligi yuqoridan kelgan javob xatiga binoan yo‘l tutmagan. Hokim qarori bilan Tuman hokimligi balansida bo‘lgan 2013 yilda ishlab chiqarilgan Captiva-2 Boysun tuman prokuraturasiga operativ boshqaruv huquqi bilan to‘lovlarsiz o‘tkazib berilgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29 apreldagi 258-son qarori bilan “Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransport vositalarini biriktirish me’yorlari” tasdiqlangan. Unga ko‘ra, tuman hokimlari xizmat mashinalari narxlari BHMning 1000 baravaridan (270 mln so‘m), dvigatel eng yuqori quvvati 2000 sv kubdan oshmasligi lozim. Agar tuman tog‘li hudud bo‘lsa, bu quvvatni 3000 sm kubgacha oshirishga ruxsat berilishi mumkin, biroq, avtomobil narxining istisno chegarasi ko‘rsatilmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Trailblazer Boysun tumani

Baholaganlar

302

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing