Zafar Xoshimov Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan roqabatlashishga bardoshlimi?

Jamiyat

image

Avvalroq, O‘zbekiston bozoriga Fransiyaning Carrefour brendi kirib kelayotgani, kelasi yil poytaxt Toshkentda uning uchta supermarketi ish boshlashi haqida xabar bergan edik. Bu ishlarga O‘zbekiston tomonidan bosh-qosh bo‘layotgan sarmoyador esa, albatta, Ortiqxo‘jayev. Toshkent shahar hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan Jahongir Ortiqxo‘jayevga tegishli “Akfa Group” shirkati va Carrefour brendi ortidagi “Majid Al Futtaim Retail” shirkati bilan shartnoma tuzgan. Xo‘sh, bunga mamlakatdagi mahalliy tadbirkorlar, jumladan, Carrefour’ga asosiy raqobatchi bo‘lishi mumkin bo‘lgan Makro va Korzinka.uz supermarketlari qanday qaraydi? Ular Carrefour bilan raqobatlashishga bardoshlimi? Bu haqda Korzinka.uz supermarketlar tarmog‘i asoschisi Zafar Xoshimov o‘zining Telegram’dagi sahifasida yozdi. 

“Fransiyaning Carrefour brendi do‘konlarining ochilishi haqidagi xabar biz uchun kutilmagan holat bo‘lmadi. Bu haqda gaplar chamasi bir yildan beri yurgan edi. Rostini aytsam, qiziqib kutgan edik. Chunki Carrefour tarmog‘ining O‘zbekistonga kirishi qator ijobiy yangilik va qiziqarli lahzalar va’da qiladi. 

Birinchidan, mamlakatning chakana bozori rivojlanishi Carrefour kabi xalqaro ishtirokchi e’tiborini tortishi darajasiga chiqqanligi  mahalliy sharoitda so‘nggi o‘n yilliklarda chakana savdoni rivojlantirish yo‘lida tinimsiz ishlagan tarmog‘imiz uchun o‘ziga xos e’tirofdir. 

Iste’mol bozoriga bunday qiziqish va uning imkoniyatlarini tan olinishi sohadagi shubhasiz yetakchi sifatida tarmog‘imizning kapitallashuviga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Turli brendlar va formatlarning paydo bo‘lishi butun bozor hamda uning har bir ishtirokchisini rivojlantirishga xizmat qiladi, ayniqsa, iste’molchilar uchun bu juda yaxshi yangilik. Ishonchim komilki, Carrefour’dan ko‘plab jihatlarni o‘zlashtirib, o‘rganamiz. Albatta, Carrefour ham biz va bozorimiz haqida bilib olishlari kerak bo‘lgan xususiyatlar mavjud.

Iktisodimiz uchun yangi formatlar va savdo kanallari, iste’molchilar uchun esa tanlov hamda xilma-xillik oshishini anglatadi. Bularning barchasi zamonaviy savdo formati hamda  bu format mijozlari bazasini kengaytiradi. Nima bo‘lishidan qat’i nazar, barcha bozor ishtirokchilari faqat yutadi”.

Zafar Xoshimovning gaplaridan ko‘rinib turibdi va u haqliki, O‘zbekiston bozori, undagi talab va taklif, hududlarga ko‘ra ehtiyoj, qolaversa, xalqning cho‘ntagi Carrefour’dan ko‘ra Korzinka.uz’ga ko‘proq ayon. Ammo Carrefour’ning ortida uncha-bunchasi emas, Ortiqxo‘jayev turibdi. Xo‘sh, Xoshimov bu raqobatdan qo‘rqadimi? U shunday javob qiladi:

“Raqobatdan qo‘rqyapmizmi? Yo‘q. 

Tushuntiraman. 30 milliondan ortiq bozor uchun zamonaviy tarmoq chakana sektori hali ham kam rivojlangan. O‘zingiz uchun xulosa chiqaring, faqatgina poytaxtning o‘zida birlamchi ehtiyojdagi oziq-ovqat va zaruriy mahsulotlar yalpi iste’moli bo‘yicha butun boshli zamonaviy chakana savdo tarmoqlari ulushi atigi 9%. Va bu, takror aytaman, viloyatlarga taalluqli emas. Umuman olganda esa, mamlakatda ayni ko‘rsatkich yana ham past bo‘ladi.

Taqqoslash uchun, qo‘shni Qozog‘istonda ko‘rsatkich 45% dan ortiq, Rossiya esa 75% dan ortiqni tashkil etdi. Yevropa va AQSHda ayni raqamlar 90%ga yaqinlashib qolgan. 

Bizning bozor hali o‘sishi kerak, uning to‘lib ketishi, keskin raqobat hosil bo‘lishi uchun xali ancha bor. Bizda, mahalliy zamonaviy savdo tarmoqlarida hozircha bitta umumiy asosiy raqib - bozorlar va tizimsiz savdo mavjud. Biz, ya’ni mavjud zamonaviy chakana savdo ishtirokchilariga, mavjud yutuqlarimizga qaramasdan, bu jangda yolg‘iz kurashish juda mushkul edi. Shunday ekan, safimizga yangi jangchini mamnuniyat bilan qabul qilamiz, ayniqsa, u olib keladigan vositalar va bilimlarning butun tajribasi va arsenalini hisobga olganda, bu juda salmoqli yordam. 

Korzinka.uz haqida gapiradigan bo‘lsak, biz, har doimgidek, shiddatli, kuch-quvvatga to‘la va yangi yutuqlar hamda kashfiyotlarga tayyormiz. Va eng muhimi, xaridorlarimizga doim sodiq qolamiz, taqdim etilayotgan xizmatlar va mahsulotlarimiz sifatini yanada rivojlantiramiz.

Biz bilan qoling, aminmanki, yaqin kelajak hech kimni zeriktirmaydi!”

Qayd etilishicha, kelgusi yilda poytaxt Toshkentda uchta supermarket va bitta gipermarket ochiladi va qo‘shimcha uchta savdo do‘koni 2021 yilda ochilishi rejalashtirilgan. 

Carrefour  supertmarketlari ish boshlagach 2500 ish o‘rni yaratiladi va 600 dan ortiq mahalliy etkazib beruvchilar, ishlab chiqaruvchilar, fermerlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. 

Carrefour kompaniyasiga 1957 yilda asos solingan. Uning birinchi gipirmerketi 1963 yilda ochilgan. 

“Akfa Group” kompaniyasiga esa 2005 yilda asos solingan bo‘lib, shirkat Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga tegishli.

Zafar Xoshimov esa chakana savdodadagi faoliyatini 1996 yilda Anglesey Food Company nomi ostida boshlagan. 2001 yilga kelib kopmaniya rembrendingni boshdan kechirdi va bozorga Korzinka.uz yuz tutdi. Bugun respublikaning nuqtalariga ega bo‘lgan supermarketlar tarmog‘i xaridorlar orasida narx siyosati bilan e’tibor qozongan.


Maqola muallifi

Teglar

Jahongir Ortiqxo'jaev Zafar Xoshimov

Baholaganlar

279

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing