Zaharlangan Bashar Asad shifoxonadan chiqdi
Olam
−
03 Oktabr 9707 1 daqiqa
Suriyaning sobiq prezidenti Bashar Asad zaharlanganidan keyin Moskva shahridagi shifoxonadan chiqarildi. Bu haqda Suriya inson huquqlari kuzatuv markazi o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, sobiq davlat rahbarining ukasi Mahr Asadga Basharni shifoxonada ko‘rishga ruxsat berilmagan. Biroq prezident ishlari bo‘yicha sobiq bosh kotib Mansur A’zam uning oldiga bemalol kirib-chiqib yurgan.
Manbaning ta’kidlashicha, Asadni zaharlashga uringan shaxslar Rossiya hukumatini obro‘sizlantirishni ko‘zlagan – ular bu voqeani Moskvaning bo‘yniga qo‘ymoqchi bo‘lgan.
Qayd etish joiz, 2025 yilning yanvarida Britaniyaning “The Sun” gazetasi noma’lum shaxslar Bashar Asadni zaharlashga uringanini yozgandi. O‘sha paytda Asad Moskvaga kelganidan keyin o‘zini yomon his qilib, shifokorlarga murojaat qilgan. Tekshiruv natijasida uning organizmida zahar izlari topilgan, biroq shifokorlar holatni barqarorlashtirishga muvaffaq bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Suriya sudi sobiq prezident Bashar Asadni 2011 yilda Daraa viloyatida namoyishlarni bostirish bilan bog‘liq ayblovlar bo‘yicha sirtdan hibsga olishga order bergandi. Qolaversa, Fransiya ham Suriyaning sobiq prezidenti va yana olti nafar yuqori martabali sobiq amaldorni hibsga olishga order bergan. Bu 2012 yilda ikki jurnalistning o‘limiga sabab bo‘lgan Homsdagi portlash bilan bog‘liq.