Suriya sudi Asadni sirtdan hibsga olishga order berdi

Olam

image

Suriya sudi sobiq prezident Bashar Asadni 2011 yilda Daraa viloyatida namoyishlarni bostirish bilan bog‘liq ayblovlar bo‘yicha sirtdan hibsga olishga order berdi. Bu haqda SANA xabar berdi.

Oliy sud bayonotiga ko‘ra, Asad qasddan qotillik, o‘limga olib kelgan qiynoqlar va noqonuniy qamoqqa olishda ayblanmoqda. Ish Daraa voqealari qurbonlarining yaqinlari tomonidan berilgan da’vo arizasi asosida qo‘zg‘atilgan.

Sud qarori sobiq davlat rahbarini tegishli bildirishnomalar, jumladan, Interpol orqali xalqaro jinoiy javobgarlikka tortish uchun yo‘l ochadi.

Daraa viloyati markazi Damashqdan 110 km uzoqlikda joylashgan. Bu shaharda 2011 yilda hukumatga qarshi namoyishlar boshlangan va keyinchalik jangarilar, muxolif guruhlar va Suriya armiyasi o‘rtasida qurolli to‘qnashuvga aylangan.

2024 yilning dekabrida qurolli muxolifat Damashqqa kirib bordi, shundan so‘ng Bashar Asad iste’foga chiqdi va mamlakatni tark etdi. Rejimning ag‘darilishida muhim rol o‘ynagan “Hayat Tahrir ash-Shom” rahbari Ahmad ash-Shara muvaqqat prezident etib tayinlandi.

Asad va uning oilasiga Rossiyadan boshpana berildi. Moskva Suriyaning yangi rasmiylari bilan diplomatik aloqalarni davom ettirdi.

Oldinroq Fransiya Suriyaning sobiq prezidenti va yana olti nafar yuqori martabali sobiq amaldorni hibsga olishga order bergan edi. Bu 2012 yilda ikki jurnalistning o‘limiga sabab bo‘lgan Homsdagi portlash bilan bog‘liq: “The Sunday Times” gazetasining 56 yoshli amerikalik jurnalisti Mari Kolvin va 28 yoshli fransuz fotografi Remi Oshlik.

Fransiya rasmiylari voqeani insoniyatga qarshi potensial jinoyat va urush jinoyati sifatida tekshirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Suriya poytaxti Damashq shahri yaqinida ommaviy qabr topilgandi. U yerda o‘tgan yili dekabrda hokimiyatdan ag‘darilgan Bashar Asad rejimi davridagi fuqarolik urushi chog‘ida askarlar tomonidan o‘ldirilgan kamida 175 kishining jasadi bor.


Maqola muallifi

Teglar

Bashar Asad order sobiq prezident Ahmad ash-Shara Daraa viloyati da'vo arizasi Suriya sudi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing