Tadbirkorlarning shaxsiy avtomobilini boshqarishiga yengillik berilishi mumkin

Jamiyat

image

O‘zbekistonda yaqin bir-ikki kunning ichida tadbirkorlarga shaxsiy avtomashinalarini boshqarish uchun yengilliklar berilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov 15 aprel kuni onlayn brifingda ma’lum qildi.

“Kechadan boshlab O‘zbekiston hududida yuk avtomobillariga bo‘lgan cheklovlar to‘liq olib tashlandi. Tadbirkorlar, korxonalar bir-biriga yuk yuborishi to‘liq erkinlashdi. Hech qanday muammo yo‘q. Tadbirkorlarimiz ko‘plab murojaatlar bilan chiqishyaptiki, ularning mashinasi shaxsiy. Shaxsiy mashinalarga esa ruxsat yo‘q, faqat tashkilot avtomobillariga stiker berilmoqda. Shu nuqtai nazardan, hozir bu bo‘yicha ham 1−2 kun ichida Bosh vazirimiz rahbarliklaridagi komissiyaning qarori chiqadi, buni ham yengillashtiramiz. Ya’ni, har bir sohani kunlik rejimda, xohlasangiz onlayn rejimda nazoratda ushlash, har bir sohani imkon doirasida qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha vazifalarimiz muhtaram prezidentimiz tomonidan belgilab berildi. Ular bo‘yicha ish bir soat ham to‘xtamaydi”, deydi Jamshid Qo‘chqorov.

Bosh vazir o‘rinbosari iqtisodiy inqirozning ta’sirini cho‘zib yubormaslik va tezroq bartaraf etish kerakligini qo‘shimcha qildi. Shuningdek Jamshid Qo‘chqorov inqiroz paytida davlat oldida ko‘plab xarajatlar yuzaga kelishini aytib, bu bo‘yicha ishlar boshlab yuborilganini aytmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining joriy yil 28 mart kuni qabul qilgan qaroriga muvofiq 30 martdan 20 aprelgacha Nukus va Toshkent shaharlari hamda viloyatlar markazlarida maxsus ruxsatnoma (stiker)larsiz avtomobil boshqarishga cheklovlar o‘rnatildi. 6 preldan e’tiboran mamlakatda skuter va velosiped boshqarishga ham cheklov joriy qilindi. 


Maqola muallifi

Teglar

inqiroz Jamshid Qo'chqorov karantin

Baholaganlar

249

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing