Yupiterning yuqori aniqlikdagi suratlari namoyish qilindi (foto)
Texnologiya
−
07 noyabr
7820Amerikaning NASA kosmik agentligi Yupiter sayyorasining yuqori aniqlikdagi suratlarini namoyish qildi.
Qayd etilishicha, sayyoraning suratlari Juno kosmik apparati tomonidan olingan. Kosmik qurilma 2016 yil iyul oyidan beri sayyora orbitasida, uning missiyasi 2025 yil 15 sentyabrda yakunlanishi kerak. Juno missiyasining maqsadi Yupiterning kelib chiqishi va evolyutsiyasini tushunishdan iborat. NASA’ning ta’kidlashicha, qurilma birinchi kunning o‘zidayoq gaz giganti haqidagi tasavvurlarni o‘zgartirdi.
So‘nggi yaqinlashuvda Juno Yupiterning beshinchi yirik yo‘ldoshi Amalteya yonidan uchib o‘tdi va sayyoradagi murakkab ob-havo sharoitlarini aks ettiruvchi tasvirlarni oldi.
Juno missiyasiga qo‘shimcha ravishda, kelajakda Yupiterni o‘rganishga ikkita yangi kosmik dastur mo‘ljallangan: Yevropa kosmik agentligining JUICE dasturi 2031 yilda Kallisto yo‘ldoshiga yetib boradi, NASA’ning Europa Clipper dasturi esa 2030 yilda asosan sayyora yo‘ldoshlarini, xususan Yevropani o‘rganishga e’tibor qaratadi. Juno apparatining Yupiter bilan keyingi yaqinlashuvi 25 noyabrga rejalashtirilgan.