Yunusobodning sobiq hokimi Baxtiyor Abdusamatov 5 yilga qamaldi
Jamiyat
−
13 may 2019
7901Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Yunusobod tumani sobiq hokimi Baxtiyor Abdusamatov ustidan sud jarayoni nihoyasiga yetdi. Bu haqda Oliy sud Matbuot xizmati xabar berdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi Zafar Nurmatov raisligida o‘tgan sudda Baxtiyor Abdusamatovdan tashqari O‘lmas Muxamedsaidov (vaqtincha ishsiz) va Shohruh Malikov (O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi huzuridagi “Milliy PR-markazi” DUK bosh direktori lavozimida ishlagan)ga hukm o‘qildi.
Sudlanuvchilar Baxtiyor Abdusamatov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish), 210-moddasi (pora olish), O‘lmas Muhamedsaidov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik), 28-moddasi (jinoyat ishtirokchilarining turlari) orqali 211-moddasi (pora berish), 212-moddasi (pora olish-berishda vositachilik qilish) va Shohruh Malikov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasi (pora berish), 212-moddasi (pora olish-berishda vositachilik qilish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangandi.
Xabar qilinishicha, sud Baxtiyor Abdusamatovni 205-modda (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) bo‘yicha aybdor deb topdi. U 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Jazoni manzil koloniyada o‘tashi belgilab qo‘yildi.
O‘lmas Muhamedsaidov 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (firibgarlik), 28-moddasi (jinoyat ishtirokchilarining turlari) orqali 211-moddasi 3-qismi “a” bandi (pora berish) bo‘yicha aybdor deb topilib, 10 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi huzuridagi “Milliy PR-markazi” DUK bosh direktori lavozimida ishlagan Shohruh Malikov esa sud zalidan ozod etildi.
Hukm hali kuchga kirmaganligi, norozi taraflarga shikoyat berish tartibi va muddati tushuntirildi.