Yunusoboddagi uydan jasadi topilgan 5 nafar talaba nimadan o‘lgani ma’lum bo‘ldi
3-sahifa
−
29 mart 2021
52345Toshkentning Yunusobod tumani “Firdavsiy” mahallasi Injobod ko‘chasidagi xonadonda joriy yilning 27 fevral kuni soat taxminan 20:50 da shu yerda ijara asosida yashagan besh talabaning murdasi topilgani xabar qilingandi.
Rasmiy ma’lumotlarda yigitlar “noma’lum moddadan o‘tkir zaharlanish” oqibatida vafot etgani ta’kidlangandi. Biroq talabalar o‘limining aniq sababi aytilmagandi.
Bosh prokuratura Matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, talabalar o‘limiga is gazi sabab bo‘lgan.
Ta’kidlanishicha, voqea joyidan olingan oziq-ovqat mahsulotlari Toshkent shahar sanitariya-epidemiologik xizmati tomonidan tekshirishdan o‘tkazilgan. Xonadon egasi G.M., vafot etganlar bilan birga ijarada yashagan N.A., “Bunyodkor-dudbo‘ron xavfsizligi” kompaniyasining dudbo‘ronlar pechka ustasi Z.X. batafsil so‘roq qilingan.
Shuningdek, 26 fevral kuni soat 22:00 dan 27 fevral kuni soat 09:00 oralig‘ida Injobod ko‘chasidagi uyga qanday kuchlanishda tabiiy gaz yuborilgani va odatiy kunda tabiiy gaz kuchlanishining miqdori haqida “Hududgazpoytaxt”dan hamda Gidrometeorologik xizmatidan shu vaqt oralig‘ida bo‘lgan ob-havo ma’lumotlari olingan.
Respublika sud tibbiyot ekpertiza ilmiy-amaliy markazining 15 martdagi yakuniy xulosalariga ko‘ra, beshala yigitning bari “is gazidan o‘tkir zaharlanish natijasidagi o‘tkir nafas va yurak qon-tomirlari yetishmovchiligi” oqibatida vafot etgan.
Eslatib o‘tamiz, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi “a” bandi (odam o‘lishiga sabab bo‘lgan yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) alomatlari bilan ish ochilgan.
LiveBarchasi