Yunusoboddagi Oqtepa yodgorligi sayyohlik markaziga aylantiriladi

Jamiyat

image

Avvalroq, Toshkentning Yunusobod tumanida Yangi shahar va Chinobod ko‘chalari oralig‘ida “Yunusobad Business City” qurilishi haqida xabar bergan edik. 

Mazkur hududda nafaqat uylar, maishiy binolar – xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish ob’ektlari, balki ko‘p yillik tarixga ega bo‘lgan, biroq e’tibordan chetda qolib, bugun achinarli ahvolga tushib qolgan Oqtepa arxeologik yodgorligi ham bor. Bu yodgorlik ham “Yunusobad Business City” loyihasi xaritasidan o‘rin olgan. 

Tarixiy ma’lumotlarga qaraganda, Oqtepa kanali bo‘yida joylashgan Yunusobod Oqtepa tarixi V-XIII asrlarga borib taqaladi. 1886 yildan boshlab olimlar tomonidan tepaliklar tarixi o‘rganila boshlangan. Turli yillar davomida arxeologlar tomonidan bir necha bor qazilma ishlari olib borilgan. Janubiy tomoni balandroq tepalik ko‘rinishidagi ark va qishloqdan iborat bo‘lgan. Ark xarobalari shimoldan janub tomonga cho‘zilgan va qishloqdan chuqur jarlik bilan ajratilgan. Arkka yondashgan keng hovli va uning janubiy qismida ark xarobalari joylashgan bo‘lib, qazish vaqtida xom g‘isht va paxsadan qurilgan, me’moriy jihatdan yaxshi saqlangan binolar qoldiqlari ochilgan. 

photo5289662046964656551.jpg

Yunusobod Oqtepasi VII-VIII asr boshida yashagan choshlik yirik zodagonning qasrli chorbog‘i, saroyi bo‘lganidan dalolat beradi. Topilmalar, jumladan, ummaviylar xalifaligi (VIII-asrning birinchi yarmi)ga oid kumush tangalarning kichik xazinasi topilgan. Yodgorlikdagi hayot VIII-asr ikkinchi yarmida qayta jonlangan, IX-XII asrlarda esa u Binkat viloyatining mustahkamlanmagan qishloqlaridan bo‘lib, XIII asr boshida mo‘g‘ullar istilosi davrida inqirozga uchragan.

Bir paytlar hududi qariyb yuz gektarni egallagan tarixiy obidaning bugunga kelib atigi to‘rt gektari qolgan xolos.

​Юнусобод Оқтепаси лоқайдлигимиз қурбонига айланмоқда

Kecha, 11 fevral kuni “Yunusobad Business City” taqdimotida hududda joylashgan Oqtepa arxeologik yodgorligi haqida ham so‘z ochildi. Toshkent shahar hokimligidan ma’lum qilishlaricha, qurilish ishlari mazkur arxeologik yodgorlikka zarar yetkazmaydi, aksincha, obida yon atrofida obodonlashtirilib, mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun sharoit yaratiladi, sayyohlik markaziga aylantiriladi. 

Ma’lumot uchun, “Yunusobad Business city” markazi 4 ta lotdan iborat. 41 gektar maydonda qurilishi kutilayotgan markazning birinchi lotida 9,12,15 qavatli 3 va 4 yulduzli mehmonxonalar bunyod etiladi. Ikkinchi lot hududida maktab va bog‘cha hamda 1388 o‘rinli avtoturargoh barpo etish ko‘zda tutilgan. Maydoni 1,4 gektar bo‘lgan uchinchi lotda ofis va mehmonxonalar, 12 va 15 qavatli binolar quriladi. 18,2 gektarlik to‘rtinchi lotda esa katta bog‘, kichik do‘kon va restoranlar qurish rejalashtirilgan.
 


Maqola muallifi

Teglar

Yunusobad Business City Yunusobod tumani

Baholaganlar

68

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing