DTM tavsiyanoma olgan xotin-qizlarga murojaat bilan chiqdi
Jamiyat
−
16 iyul 2020
19792Davlat test markazi xotin-qizlar uchun ajratilgan 4 foizlik qo‘shimcha kvota masalasida murojaat bilan chiqdi. Unga ko‘ra, bunday qo‘shimcha kvotaga kirish uchun tavsiyanomaga ega abituriyentlar onlayn ro‘yxatdan o‘tishda tavsiyanoma ma’lumotlarini dasturga kiritmaydi.
Negaki, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan joriy yil 15 iyulga qadar tegishli tavsiyanomalarni xotin-qizlarga berish va 20 iyulga qadar tavsiyanoma berilgan talabgorlarning yakuniy ro‘yxati Davlat test markaziga taqdim etilishi belgilangan.
Ya’ni, tavsiyanomaga ega xotin-qizlar haqidagi ma’lumotlar Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan Davlat test markaziga taqdim etiladi va mazkur ma’lumotlar asosida abituriyentlarga imtiyoz qo‘llaniladi.
Eslatib o‘tamiz, Davlat komissiyasining 1-son bayoni bilan 2020-2021-o‘quv yili uchun xotin-qizlarga ajratilgan to‘rt foizli qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlarining hududlar kesimidagi taqsimoti tasdiqlangan.
Unga ko‘ra, xotin-qizlar uchun oliy ta’lim muassasalari bakalavriatining kunduzgi ta’lim shakliga qo‘shimcha davlat granti asosida hududlar kesimida jami 940 ta kvota ajartilgan.
Xotin-qizlar uchun qo‘shimcha kvota faqat kunduzgi ta’lim shakli uchun ajratilgan bo‘lib, sirtqi va kechki ta’lim shakllari uchun tatbiq etilmaydi.
LiveBarchasi