Norboyeva karantin sekin-asta bekor qilinishini aytdi
Jamiyat
−
07 avgust 2020
22029O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 6-yalpi majlisi davom etmoqda. Unda Senat raisi Tanzila Norboyeva nutq so‘zlab, ayni kunlarda butun dunyo xalqlarining sabri sinovdan o‘tayotganini aytdi.
“Bugun dunyo xalqlari og‘ir davrni boshidan kechirmoqda. Hech bir davlat, hatto, eng qudratli mamlakatlar ham bunday vaziyatga tayyor emas edi. Koronavirus pandemiyasi insonlar, sohalar va tizimlar uchun jiddiy sinov bo‘lmoqda.
Umuman, bugun mamlakatimiz uchun nostandart ish jarayonlarini, xalqimiz uchun ham nostandart hayot tarzini boshdan kechirishimizga to‘g‘ri kelmoqda. Bizning haqiqiy chidam, sinovdan o‘tishimiz jarayonlarida bir narsaga hammamizning ishonchimiz komil bo‘lyapti, ya’ni O‘zbekistonda mustahkam ishonchli siyosiy-iqtisodiy va ijtimoiy zamin yaratilgan bo‘lib, u eng og‘ir vaziyatlardan katta talafotlarsiz chiqishga yordam bermoqda. Bugun davlatimiz va jamiyatimizning bor salohiyati, resurslari pandemiyaga qarshi kurash va uning oqibatlarini yumshatishga safarbar qilingan”, deydi Norboyeva.
O‘zbekistonda iyul oyi boshlarida koronavirus bilan bog‘liq holatlar avj olishni boshladi. O‘lim soni ortdi, bundan tashqari odamlar test topshira olmayotgani, buning oqibatida shifoxonalarga joylasha olmagani, virus esa o‘pka yo‘llariga o‘tib, pnevmoniyani keltirib chiqarib, bevaqt o‘limga sabab bo‘layotganidan shikoyat qilishni boshladi. Mamlakatda shifoxonalarda koyka tanqisligi vujudga keldi. Zaxira o‘rinlar yaratilmagani ko‘plab muammolarni keltirib chiqardi. Prezident Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevni qattiq tanqid qildi.
Bugun o‘tayotgan Senat majlisida esa Tanzila Norboyeva olib borilayotgan islohotlar natijasida ko‘plab odamlar hayotini saqlab qolishga erishilganini e’tirof etdi. (!)
“Bugun xalqimiz buyuk millatlarga hos matonat bilan, ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlayotganini, karantin cheklovlarining hayotiy zarurat ekanligini tushunish bilan qabul qilayotganini va imkoniyati darajasida ehtiyojmandlarga amaliy ko‘maklashayotganini alohida e’tirof etishimiz kerak. Ishonamizki, fuqarolarimiz bundan keyin ham ana shunday dahldorlik kayfiyati bilan karantin choralariga qat’iy amal qilib, o‘zlari va yaqinlari salomatligiga yanada mas’uliyat bilan qaraydi”, deydi Norboyeva.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi qarori bilan 10 iyuldan 31 iyulgacha karantin choralari belgilangan edi. Karantin 15 avgustgacha uzaytirildi. Norboyeva o‘z nutqida pandemiya qiyinchiliklari tez orada o‘tishi, odamlar yana normal hayotga qaytishi haqidagi umidlarini yuzaga chiqardi.
“Hozirgi qiyinchiliklar o‘tishiga niyat qilamiz, albatta o‘tadi. Pandemiya ham barham topadi. Biroq kelgusida bu kabi sinovlar bo‘lmaydi deb hech kim kafolat bera olmaydi. Shunday ekan, barcha sohalardagi tartib-taomillarni mana shunday vaziyatlarga moslashtirishimiz zarur deb hisoblaymiz. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, biz yana shunday sharoitda ham yashashga, ham ishlashga o‘rganishimiz kerak.
Endilikda karantin choralari bosqichma-bosqich bekor qilinadi. Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi to‘g‘risidagi keng targ‘ibot ishlarini kuchaytirishimiz, kasallikka chalinganlarni ishlab chiqilgan protokollar asosida davolash bilan birga normal hayotga qaytarishimiz, ya’ni iqtisodiyotimizni rivojlantirishimiz zarur. Bunda ayniqsa qonunlarimizni takomillashtirish birinchi galdagi vazifalarimizdan biri bo‘lib hisoblanadi”, deydi Norboyeva.
Senat raisiga ko‘ra, pandemiyaga davrida vujudga kelgan muammolardan kelib chiqib, Senat huzurida qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish uchun Ishchi guruh tuzilgan.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr