Yun Sok Yolga isyon bo‘yicha rasmiy ayblov e’lon qilindi
Olam
−
27 yanvar
3248Janubiy Koreya prokuraturasi mamlakat prezidenti Yun Sok Yolga davlat to‘ntarishini tashkil qilish ayblovini rasman e’lon qildi. Bu haqda “Yonhap” xabar berdi.
Tergovga ko‘ra, Yun Sok Yol sobiq mudofaa vaziri Kim Yon Xyon va boshqa shaxslar bilan 2024 yil 3 dekabr kuni qo‘zg‘olon uyushtirish uchun til biriktirgan. Buning uchun qurolli mojaro yoki unga teng milliy inqiroz alomatlari bo‘lmaganiga qaramay, noqonuniy favqulodda holat e’lon qilish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, prezidentning yordamchilari raqib partiyalarning rahbarlari va saylov kuzatuvchilarini hibsga olishlari lozim bo‘lgan.
Prezidentni bugun, 27 yanvar kuni qamoqdan ozod qilish rejalashtirilgan edi, chunki Seul markaziy okrug sudi prokuraturaning qamoq muddatini uzaytirish bo‘yicha iltimosini ikki marta rad etdi. Ammo qo‘yilgan ayblov tufayli Yun Sok Yol hibsda qolishda davom etadi. Agar u isyon bo‘yicha aybdor deb topilsa, umrbod qamoq jazosi yoki o‘lim jazosiga hukm qilinishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Janubiy Koreya parlamenti 2024 yil 3 dekabr kuni e’lon qilingan harbiy holat tufayli Yun Sok Yolni prezident lavozimidan chetlatdi. Mamlakatning korrupsiyaga qarshi tergov boshqarmasi davlat rahbarini hibsga olish uchun order chiqardi va u joriy yil 15 yanvar kuni qo‘lga olindi. 23 yanvar kuni prezidentga nisbatan qo‘zg‘olon ishi prokuraturaga topshirildi.
LiveBarchasi