Yun Sok Yol Berdimuhamedovni Koreyaga taklif qildi
Olam
−
11 iyun
3236Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yol Turkmaniston rahbari Serdar Berdimuhamedovni o‘z mamlakatiga tashrif buyurishga taklif qildi. Bu haqda “Neytral Turkmaniston” rasmiy gazetasi xabar berdi.
Yun Sok Yol davlat tashrifi bilan Turkmanistonda. U Berdimuhamedovni har ikki tomon uchun qulay vaqtda Janubiy Koreyaga tashrif buyurishni taklif qildi. Nashrning yozishicha, Turkmaniston Prezidenti taklifni minnatdorchilik bilan qabul qilgan, tashrif sanalari diplomatik kanallar orqali kelishib olinadi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonotda davlat rahbarlarining ikki tomonlama uchrashuvi do‘stona va iliq muhitda o‘tgani qayd etildi. Unda iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sohalardagi hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish istiqbollari, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va global masalalar muhokama qilindi, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada rivojlantirish va umumiy farovonlikka ko‘maklashishga kelishib olindi.
Davlat rahbarlari ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi gumanitar almashinuvlar mustahkam va uzoq muddatli munosabatlar o‘rnatishning g‘oyat muhim vositasi sifatida muhimligini tasdiqladilar hamda madaniyat, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport va turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi.
Yun Sok Yol 10-11 iyun kunlari Markaziy Osiyo bo‘ylab safari doirasida Turkmanistonga davlat tashrifini amalga oshiradi. Janubiy Koreya rahbari 11-13 iyun kunlari Qozog‘istonga, keyin esa O‘zbekistonga tashrif buyuradi.
LiveBarchasi