Yulduz Usmonova o‘zini “zapret”dan Saida Mirziyoyeva olib chiqqanini aytib berdi

Madaniyat-san’at

image

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov davrida 11 yil davomida taqiqda bo‘lgan va mamlakatni tark etgan xonanda – O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova o‘zining “zapret”dan chiqishiga kim sabab bo‘lganini aytdi. 

“Hech aytmagan narsamni aytaman. Meni konsertlarga chiqishimga Prezidentimizning katta qizi Saidaxon sababchi. Tish-tirnog‘i bilan kurashib, shu qiz olib chiqqan. Mendan qaytmasa, Xudodan qaytsin shu qizga”, deydi Instagram’dagi jonli efir muloqotida Yulduz Usmonova. 

Yulduz Usmonova 2006 yilgacha O‘zbekiston siyosiy elitasining sevimli xonandalaridan biri bo‘lgan. O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, mamlakat bosh maydonlarida Navro‘z va Mustaqillik bayramlarini tantanali tarzda nishonlash urfga aylangan va ko‘p yillar davomida ushbu marosimlarda final qo‘shig‘ini ijro etish Yulduz Usmonovaga ishonib topshirilgan. U Karimov davrida so‘nggi bor 2005 yil Mustaqillik bayrami va Konstitutsiya qabul qilingan kun munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda chiqish qilgan. 2006 yilga kelib Navro‘z bayrami tantanalarida final qo‘shig‘ini ijro etish yosh xonanda Gulsanam Mamazoitovaga topshirilgan va Karimov vafotiga qadar bu o‘rinni ayrim hollarda Ozodbek Nazarbekov, vaqti-vaqti bilan Zulayho Boyxonova egallagan. 

2007 yilga kelib Yulduz Usmonovaning qo‘shiqlariga mamlakatdagi barcha telekanallar va radiolarda taqiq qo‘yildi. Xonanda 2007 yildagi konsert dasturidan so‘ng Turkiyaga jo‘nab ketdi va u yerda o‘zining “zapret”ga tushgani, siyosatchilarning qo‘g‘irchog‘i bo‘lishni istamagani haqida “Amerika ovozi” radiosiga shov-shuvli intervyu berdi. U o‘z so‘zida O‘zbekistondagi siyosiy vaziyatga ham teginib o‘tgan va bunda uning tanqidi to‘g‘ridan-to‘g‘ri Toshkentning siyosiy elitasiga qaratilganini sezish qiyin emasdi. Manbalarga ko‘ra, o‘sha vaqtda Yulduz Usmonova bilan kelishmovchiliklarning davlat tomonidagi asosiy ishtirokchisi marhum Madaniyat va sport ishlari vaziri Alisher Azizxo‘jayev bo‘lgan. 

2016 yilning 2 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov 78 yoshida vafot etdi. Shu yilning dekabr oyida mamlakatda Prezident saylovi bo‘lib o‘tdi va Bosh vazir lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan – Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi nomzodi Shavkat Mirziyoyev g‘alaba qozondi. Poytaxtdagi “O‘zekspomarkaz”da partiya tomonidan g‘alaba tadbiri tashkillashtirildi va unda tarafdorlar orasida Yulduz Usmonova ham ko‘rinish berdi. Shu kunning o‘zidayoq barcha telekanallar va radiolarda Yulduz Usmonovaning qo‘shiqlariga ruxsat tegdi. Oradan bir necha kun o‘tib xonanda “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida Konstitutsiya qabul qilingan kun munosabati o‘tkazilgan tantanali marosimda chiqish qildi. Bu esa Yulduz Usmonovaga qo‘yilgan har qanday taqiqlar olib tashlanganining ifodasi edi. 

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Prezidentligi davrida O‘zbekiston xalq artistlari Yodgor Sa’diyev, Farrux Zokirov, Sherali Jo‘rayev, xonanda Ozoda Nursaidovaga qo‘yilgan taqiqlar olib tashlandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Saida Mirziyoeva

Baholaganlar

2723

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing