Yulduz Usmonova bilan bog‘liq mojaro Turkiya matbuotigacha yetib bordi
Madaniyat-san’at
−
06 may 2020
66750Shu kunlarda O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Umsonovaning mamlakat ichki ishlar sohasi xodimlariga qaratilgan haqoratomuz so‘zlari, buning ortidan kelib chiqqan mojarolar kun tartibida turibdi. Jamoatchilik ikkiga bo‘lindi. Ularning bir qismi Usmonovaning tarafdorlari bo‘lsa, qolganlari o‘tgan ikki oy davom etgan karantin davrida tunu kun xizmat qilgan ichki ishlar organlari xodimlarini olqishlayotganlar.
Mamlakatning eng taniqli xonandasi tomonidan aytilgan so‘zlar chegaralarni bosib, qo‘shni respublikalar, hatto, Turkiyagacha yetib bordi. Ma’lumki, Yulduz Usmonova 2007 yildan 2016 yilgacha O‘zbekistonda “zapret”da bo‘lgan. Bu vaqt davomida xonanda Turkiyada istiqomat qildi va ijodini o‘sha mamlakatda davom ettirdi. Usmonova turk tilidagi qo‘shiqlari bilan qardosh mamlakatda ham hurmat qozondi, uni Turkiyada yaxshi tanishadi. Biroq, o‘tgan 3-4 yil ichida Usmonova turk shou-biznesidan butkul uzilib qolganda. Shu kecha kunduzda ro‘y bergan voqealar esa turk matbuoti uni yana xotirlashiga sabab bo‘ldi.
Ayni vaqtda Turkiyaning ko‘zga ko‘ringan internet nashrlari – “Haber7.com”, "Yasemin.com" saytlarida “Politsiya haqorat qilgan o‘zbek san’atkori mamlakatda katta mojaro chiqardi” nomli maqola e’lon qilindi. Unda shu bugungacha bo‘lib o‘tgan voqealar batafsil yoritilgan.
Aytish joizki, Yulduz Usmonova ichki ishlar xodimlariga qarata aytgan gaplari uchun ulardan uzr so‘radi. Ko‘p o‘tmay, Madaniyat vazirligi unga nasihat qildi. “O‘zbekkonsert” esa ushbu masala jamoatchilik kengashi yig‘ilishida ko‘rib chiqilishini ta’kidladi. Bu orada O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Usmonovaning xatti-harakatlariga nisbatan rasmiy munosabat bildirib, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan surishtiruv ishlari boshlanganini ma’lum qildi.
Ichki ishlar vazirligi tomonidan 5 may kuni soat 14:00 da Ma’muriy ishlar bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudida Yulduz Usmonova ishi bo‘yicha sud majlisi o‘tkazilishi aytilgan edi. Sud binosi oldida jurnalistlar, ommaviy axborot vositalari hozir bo‘ldi. Biroq, va’da qilinganidek, sud majlisi bo‘lmadi.
LiveBarchasi