Yo‘l bo‘lsin?! Kimlar Rossiyaga ketishi mumkin?
Intervyu
−
01 aprel 2021
32952Xabaringiz bor, joriy yilning 1 aprelidan O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar tiklanyapti. Bir yildan ortiq davom etgan tanaffusdan keyin Rossiya bilan muntazam parvozlarning tiklanishi karantin vaqtida O‘zbekistonga qaytib, ketolmay qolganlar tomonidan alohida mamnuniyat bilan qabul qilindi. Ammo bu xursandchilik uzoqqa cho‘zilmadi. Rossiya tomoni mamlakatga hamma ham kiritilavermasligini ma’lum qildi.
Rossiyaga ishlaydiganlarni esa ayni vaqtda ushbu mamlakatga qanday ketish haqidagi savollar qiynayapti. Shu kabi savollarga javob olish uchun QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Yig‘ma tahlil boshqarmasi boshlig‘i Azim Ahmatov bilan suhbatlashdi.
Feruza Najmiddinova, jurnalist: ― Fuqarolar ishlash, yaqinlarini ko‘rish yoki boshqa maqsadlarda Rossiya, Qozog‘iston yoki Turkiyaga borishi mumkinmi? Masalan, men Rossiyaga keta olamanmi?
Azim Ahmatov, Ma’lumki, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Yig‘ma tahlil boshqarmasi boshlig‘i: ― 2020 yilning mart oyidan koronavirus infeksiyasi keltirib chiqargan pandemiya sababli davlatlar o‘rtasidagi aviaqatnovlar cheklandi. Shu bilan birga qishki ta’til uchun O‘zbekistonga qaytganlar ham bor. Boshqa maqsadlar emas, aynan mehnat migrantlari va ularning ishga ketishiga alohida to‘xtalib o‘taman. 2020 yil 15 martdan e’tiboran karantin sababli xorijdan keladigan fuqarolarning kirib kelishlariga cheklovlar qo‘yildi. Karantin choralari yumshatilgach, ma’lum qoidalar ham yumshatildi, albatta. O‘zbekiston fuqarolarining Rossiyaga kirishi bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Avgust oyida esa fuqarolarni Qozog‘iston, Rossiya va boshqa davlatlarga ishga yuborishga erishdik. Karantin cheklovlarini inobatga olib, ularga rioya etilgan holda 10 272 nafar fuqarolar xorijda, kelishuv asosida ishga joylashtirilgan.
O‘zbekistonning asosiy fuqarolari o‘zlari mustaqil ketishgan va mehnat faoliyatlarini amalga oshirishgan. 10 ming fuqaroning soni mustaqil ketadigan fuqarolar sonini tashkil qilmaydi. Misol tariqasida aytmoqchiman, 2018 yilda 3 500 fuqaro, 2019 yilda 4 400 nafar 2020 yilga kelib esa 10 272 nafar fuqaro kelishuv asosida ishga joylashtirilgan. 2021 yilning uch oyida 6400 fuqaro xorijiy davlatlarda rasmiy ravishda ish boshlagan.
Afsuski, bugungi kunda Qozog‘iston Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi yoki Koreya Respublikasida ham migrantlarni qabul qilish bo‘yicha ma’lum cheklovlar bor. Fuqarolar mustaqil tartibda keta olishmaydi. Aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgani sababli, boshqa bir davlatga ketsalar ham, ularning qonun-qoidalariga bo‘ysunishlari shart va cheklov bor davlatlarga kira olmaydilar. 500 dan ortiq fuqarolar o‘z ixtiyorlari bilan ketishdi va aeroportdan qaytgan holatlariga guvoh bo‘ldik. Ular ruxsatsiz borganlari uchun ham ortga qaytishga majbur bo‘lishgan.
Tashkillashtirilgan tartibda, ya’ni tashqi mehnat migratsiyasi yoki boshqa mehnat migrantlarini ishga yuboruvchi tashkilotlar tomonidan ketgan har bir fuqaro muammosiz borishi mumkin. Ya’ni ular qaysidir davlatga borib, ishlash imoniyatiga egalar. Bir narsani alohida aytib o‘tish kerak, hozirgi kunda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan, qaysi davlat bo‘lishidan qat’i nazar davlat ahamiyatiga molik qurilishlarda ishlashni istagan fuqarolar uchun maxsus komissiya ruxsati bilan tanlovlar o‘tkazilyapti. Bunda yirik ish beruvchilarning vakillari kelib yoki onlayn tarzda suhbat o‘tkazishyapti. Ishga ketish istagi bo‘lgan fuqarolar ro‘yxati shakllantirilib, Rossiya yoki Qozog‘iston maxsus komissiyasidan ruxsat olinib, o‘sha davlatga yuboriladi.
F.N.: ― 1 apreldan Rossiya bilan aviaqatnovlar tiklanadi deyilishi bilan hamma harakatga tushib qoldi. Aviakompaniyada esa reyslar qo‘yilmagani haqida aytilyapti, bunga qanday izoh berish mumkin?
A.A.: ― Rossiya tomoni bergan bayonotni o‘qidik. Bugungi kunda Rossiya ham haftada bir marotaba O‘zbekistonga qatnovlarni yo‘lga qo‘ydi. Lekin qatnov yo‘lga qo‘yilgani bilan ma’lum cheklovlar olib tashlanmagan. Asosli hujjatlarga ega bo‘lmagan fuqarolarni Rossiyaga borishlari mumkin emas. Yo‘l ochilishi va doimiy qatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi chipta narxlarining normal holatga kelishiga ham sabab bo‘ladi.
F.N.: ― Yo‘l ochildi deyilishi bilan chayqovchilar ham paydo bo‘ladi, hozirgi kunga qadar shunday tadbirkorlar kuzatilganmi?
A.A.: ― Albatta, bunday “tadbirkorlar” bor. Ular haqidagi to‘liq ma’lumotlar ichki ishlar xodimlari tomonidan yuritiladi. Bu kabi “tadbirkorlar” karantin cheklovlari davrida ham bo‘ldi va hozir ham paydo bo‘lishi ehtimoldan holi emas.
F.N.: ― Hozirgi kunda O‘zbekistonning qancha fuqarosi migrant hisoblanadi?
A.A.: ― Bugungi kundagi statistika xorijiy davlatlarda 1,6 mlndan 1,8 mln nafar atrofida fuqarolarimiz borligini anglatadi. So‘nggi yillarda migrantlar soni 2,3 mlndan 2,6 mln atrofida o‘zgarib turardi. 15 yil avval esa mehnat migrantlari soni 3 mlnni tashkil etar edi.
F.N.: ― Pandemiyada migrantlarning boshqa davlatga bora olmagani O‘zbekistonning ichki pul aylanmasiga, iqtisodiga qanchalik ta’sir qildi va buni migratsiya agentligi hisobladimi?
A.A.: ― Jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekistonga yuborilgan mablag‘lar deyarli o‘zgarmadi. Bilasizmi, ishchi kuchini yetkazib beruvchi va qabul qiluvchi davlatlar bor. Biz ishchi kuchi yetkazib beruvchi davlatlar qatoridamiz, shu sababli, O‘zbekistonga qaytib kelmagan fuqarolarga talab oshib, ularning mehnat haqqi ham yetarli darajada ko‘tarildi. Buning natijasida iqtisodga pandemiyaning u qadar ta’siri bo‘lmadi. Uchta mehnat migranti oladigan maoshni birgina migrant qo‘lga kiritdi, desak ham to‘g‘ri bo‘ladi.
F.N.: ― Avvalroq, Rossiyada ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarga patent olishni soddalashtirish harakati boshlangandi. Bu bo‘yicha ishlar yakuniga yetdimi yoki muzokaralar to‘xtaganmi? Qanday qulayliklar yaratildi?
A.A.: ― Bu ish ustida 2019 yildan buyon ishlayapmiz. Shu orqali Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining hududiy filiallarida Rossiya Federatsiyasining migratsiya markazlarini ochishga harakat qildik va ochdik. Pandemiya sababli ochilgan markazlar faoliyatini biroz muddat to‘xtatib turdi. Bugungi tahlillar natijasi shuni ko‘rsatadiki, Moskva viloyati va Moskva shahrida mehnat migrantlari ko‘p. Shu sababli Moskva shahridagi ko‘p tarmoqli migratsiya markazi joriy yilning 16 mart kuni Toshkent shahridagi Ishga marhamat monomarkazi ochildi. Bugungi kunda xizmat ko‘rsatishga tayyor. Pandemiya cheklovlari tugatilganda yoki yana ham yengillashtirilsa, Mehnat migrantlariga juda ham yengil bo‘ladi. Rossiya Federatsiyasiga borganda patent uchun 9 turga yaqin hujjatlar talab etiladi va bu hujjatlarning ko‘pi, 6 yoki 7 tasi O‘zbekiston hududida tayyorlab beriladi. Bu esa mehnat migrantlari boshqa davlatga borib ortiqcha sarson bo‘lmasligi uchun berilgan imkoniyatlardan yana biri, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
F.N.: ― Migratsiya agentligi o‘zbekistonlik muhojirlar uchun patentni bekor qilish bo‘yicha taklif kiritganmi?
A.A.: ― Albatta, patentni olib tashlash masalasida ham muzokaralar olib boriladi, mehnat migratsiyasi sohasida har bir davlat, u yuboruvchi yoki qabul qiluvchi bo‘lishidan qat’i nazar o‘z talablarini kiritib borishi xalqaro miqyosda ham kuzatiladi. O‘zbekiston chegarasidan chiqdikmi, demak qaysi davlatda yashab istiqomat qilsak va ishlasak, ularning qonun qoidalariga bo‘ysunish, rioya qilishimiz shart. Shu bilan birga, O‘zbekistonga xorijdan kelib ishlaydigan mehnat migrantlari uchun ham tartib tamoyil bo‘ladi. Faqatgina YeOIIga a’zo davlatlar fuqarolaridan patentlar talab etilmaydi.
F.N.: ― 2020 yilning 15 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi. Unda har bir migrantni o‘qitish, ularni kasbga tayyorlash markazlari ochilishi haqida aytilgandi. Bu markazlar hozirgi kunda qaysi hududlarda tashkil etildi va qanchalik samarali ishlayapti.
A.A.: ― Qaror qabul qilingandan so‘ng ishlar boshlangan. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga qarashli va boshqa OTM tarkibiga kiruvchi kasb-hunar kollejlari negizida kasbga o‘qitish markazlari tashkil qilindi. Mehnat migrantlari uchun alohida 217 ta kasbga o‘qitish markazlaridan iborat tizim yaratildi. Bularning ichida 15 ta Ishga marhamat monomarkazlari bor, ular 14 ta hududda tashkil etilgan. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi negizidagi 30 ta kollej va 136 ta mahallalarda kasbga o‘qitish markazlari tashkil etilgan. Shu bilan birga, Qurilish va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari tarkibida ham 36 ta kasbga o‘qitish markazlari tashkil etilgan. Bu markazlarning asosiy maqsadi, fuqarolarni O‘zbekiston hududida o‘qitib, kasbga tayyorlash emas, balki vaqtincha mehnat faoliyati uchun xorijga ishga ketish istagida bo‘lgan mehnat migrantlarining ham kasb malakasini oshirib, biror davlatga borar ekan, qiladigan ishini to‘g‘ri bajarishi, ortiqcha qiynalib yurmasliklari uchun tashkil etilmoqda.
Ta’kidlab o‘tish o‘rinli, o‘tgan yilning o‘zida 21 100 fuqaromiz ushbu markazlarga qamrab olindi va bugungi kunda 17 ming nafari o‘qishni davom ettirayotgan bo‘lsa, qolganlari o‘qishni tamomlab, sertifikatlarga va ma’lum kasbga ega bo‘ldi. 2021 yilda 11 ming fuqaro kasbga o‘qitish uchun qamrab olindi. Ularning ichida 700 dan ortig‘i xorijiy tillarga o‘qigan bo‘lsa, qolganlari duradgor, usta va shu kabi boshqa kasblarga o‘qitilmoqda. Xorijiy mehnat bozorini tahlil qilish jarayonida, bugunga kelib 20 dan ortiq kasblarni amaliyotga joriy qilganmiz.
F.N.: ― Markazlarda o‘qigan fuqarolarning qanchasi mehnat migranti sifatida ish boshladi?
A.A.: ― Ta’lim olgan fuqarolarni tanlovlarga taklif qilish boshlangan, adashmasam kasbga o‘qitilgan 2 mingdan ortiq fuqarolarimiz ketishgan.
F.N.: ― Migratsiya agentligi tomonidan kasbga tayyorlanib, ishga ketishni reja qilganlar, boradigan hududida koronavirus bilan bog‘liq vaziyat yomonligi sababli xavfsizlik nuqtai nazaridan nima qilishadi? Vatanda qolishadimi yoki ketishlari mumkin bo‘ladimi?
A.A.: ― Bu savolga Koreya misolida javob bermoqchiman. U yerda vaziyat og‘irligi tufayli hozirgi kunga qadar birorta migrantni borib ishlashlariga erisholmadik. Muzokaralar o‘tkazish davomida, Koreya Respublikasida ishlab, mehnat ta’tiliga kelgan fuqarolarnigina Koreyaga yuborishga muvaffaq bo‘ldik. O‘rnatilgan tartibda sinovlardan o‘tgan, bugungi kunda Koreyada ish beruvchilari tomonidan tanlangan fuqarolarni ishga yuborish masalasida Koreya hukumati tomonidan cheklovlar yechilgani yo‘q. Xuddi shu singari vaziyat jiddiylashgani bilan bir tomonga bog‘liq masala emas. Migrantlarning biror davlatga yuborilishida aynan shu davlatdagi karantin cheklovlari ham inobatga olinadi.
LiveBarchasi