“Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi qonun Senat tomonidan ma’qullandi

Jamiyat

image

Oliy Majlis Senati “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi Qonunni ma’qulladi. Mazkur masala bugun, 27 oktyabr kuni Senatning qirq oltinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishcha, qonun bilan yo‘l egasining huquq va majburiyatlari, transport vositalari egalarining yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga doir majburiyatlari hamda mehnat shartnomasi bo‘yicha ishlayotgan haydovchilarning huquqlari alohida moddalar bilan belgilanmoqda.

Shuningdek, senatorlar yo‘lning ta’mirlash ishlari olib borilayotgan uchastkalarida yo‘l harakatini tashkil etish masalalariga ham alohida e’tibor qaratgan. Xususan, qonunga ko‘ra, yo‘l uchastkalarini rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash yoki ta’mirlash bo‘yicha ishlar bajarilayotganda yo‘lning mazkur uchastkalaridagi qatnov qismining ko‘pi bilan 50 foizi o‘tish uchun cheklanishi yoki yopilishi mumkin. Yo‘l uchastkalarida qatnov qismining 50 foizidan ko‘prog‘ini yopish zarur bo‘lgan taqdirda mazkur yo‘l uchastkalarini aylanib o‘tish ta’minlanishi kerak bo‘ladi.

Bundan tashqari, qonun bilan ko‘p kvartirali uylarga tutash hududlarning belgilangan chegaralarida to‘xtab turish joylarini qurish to‘g‘risidagi qarorlar hududni rejalashtirish bo‘yicha tasdiqlangan hujjatlarga muvofiq mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinishi belgilanmoqda. Bunda qurilish ishlari shaharsozlik normalari va qoidalarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. To‘xtab turish joylarini joylashtirish ekologik xavfsizlikni ta’minlash hamda atrof-muhitga, aholining sog‘lig‘i va osoyishtaligiga salbiy ta’sirni kamaytirish hisobga olingan holda amalga oshirilishi qayd etilmoqda.

Qonun bilan elektr dvigatelda ishlaydigan transport vositalari uchun alohida joylar ajratilishi va bunday joylarda elektr quvvat manbalariga ulanish imkoniyati yaratilishi mumkinligi belgilanmoqda.

Shuningdek, Qonunda pulli to‘xtab turish joylariga doir talablar, pulli to‘xtab turish joylari egalarining huquq va majburiyatlari ham alohida modda bilan belgilanmoqda.

Majlisda yo‘l harakati ishtirokchilarining huquq va majburiyatlariga alohida urg‘u berilib, Qonunda transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi normalar hamda haydovchilarni tayyorlashga doir talablar belgilanayotgani, transport vositalarini boshqarish huquqi qaysi hollarda bekor qilinishi mumkinligi ko‘rsatib o‘tilganligi qayd etilgan.

“Mazkur qonun yo‘llarda yurtdoshlarimiz xavfsizligini ta’minlash, yo‘l harakatini to‘g‘ri va tizimli yo‘lga qo‘yish, mutasaddi organlar o‘rtasida samarali hamkorlikni joriy qilish, shuningdek, yo‘l harakati ishtirokchilarining huquq va manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi”, deyiladi Senat tomonidan e’lon qilingan rasmiy bayonotda.


Maqola muallifi

Teglar

Senat Yo'l harakati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing