Kurs UZS

USD

12 994.59

13.7

EUR

14 761.85

38.92

RUB

157.68

-0.99

Yo‘l harakati qoidalariga yangi belgilar qo‘shiladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalari yangi ogohlantiruvchi va qo‘shimcha axborot belgilari bilan to‘ldiriladi. Bu haqda joriy yilning 3 aprel kuni Vazirlar Mahkamasining jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan “O‘zbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish hamda xavfsiz harakatlanishni takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi.

Unga ko‘ra, yo‘l harakati qoidalarida 6-band quyidagi mazmundagi yigirma sakkizinchi – o‘ttiz ikkinchi xatboshilar bilan to‘ldiriladi:

“Avariya o‘chog‘i” (yo‘l-transport hodisasi o‘chog‘i) – yo‘l harakati ishtirokchilari uchun mo‘ljallangan avtomobil yo‘li, ko‘chalar, chorrahalar aholi punktidan tashqari joylarda 1 000 metrdan yoki aholi yashash punktida 200 metrdan ortiq bo‘lmagan qismida bir yil davomida bir xil turdagi uch yoki undan ortiq yo‘l-transport hodisalari yoki turlaridan qat’i nazar besh va undan ortiq yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘lishi natijasida odamlar halok bo‘lgan yoki jarohatlangan joy.

“Avariya o‘chog‘i” hududlari quyidagi uzoq muddatli, mavsumiy va vaqtinchalik turlariga bo‘linadi:

  • uzoq muddatli – bartaraf etilishi, jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan bino va inshootlarni ko‘chirish, tog‘ yon bag‘irlarini katta hajmda o‘yish, katta suv havzalari ustidan ko‘priklar qurish va uzoq muddatli yo‘l qurilish kabi jarayonlarni talab etadigan hudud;

  • mavsumiy – ob-havo sharoiti ta’siri natijasida yo‘l-transport hodisasi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavfli avariya hududi;

  • qisqa muddatli – bartaraf etish muddati uch oygacha bo‘lgan davrni talab etadigan xavfli avariya hududi”.

Ogohlantiruvchi belgilar quyidagi mazmundagi 1.15.1 va 1.36-bandlari bilan to‘ldiriladi:

  • 1.15.1 “Zanjirli g‘ildiraklar va shinalar bilan harakatlanish”. Ushbu yo‘l belgisi ogohlantiruvchi yo‘l belgisi, tog‘li va cho‘l hududlarda qish mavsumida yo‘llarda hosil bo‘lgan qor va muzlamalarda transport vositalarining uzluksiz va xavfsiz harakatlanishini tashkil etish maqsadida tavsiya etish yuzasidan, shuningdek, avtomobil yo‘llaridagi qor va muzlamalar to‘g‘risida haydovchi va piyodalarning e’tiborini jalb etish maqsadida qo‘llanadi;

  • 1.36 “Yo‘l-transport hodisasi o‘chog‘i”. Ushbu yo‘l belgisi 3.24 – “Yuqori tezlik cheklangan” taqiqlovchi yo‘l belgisi, 7.1.1–7.1.4 – “Ob’ektgacha bo‘lgan masofa”, 7.2.1–7.2.6 – “Ta’sir oralig‘i”, 7.3.1–7.3.3 – “Ta’sir yo‘nalishi” qo‘shimcha axborot belgilari bilan, shuningdek, yo‘l-transport hodisalarining turi, xavflilik darajasidan kelib chiqqan holda o‘rnatilishi mumkin.

Qo‘shimcha axborot belgilari quyidagi mazmundagi 7.27, 7.28, 7.29 va 7.30-bandlar bilan to‘ldiriladi:

  • 7.27. “Piyodani urib yuborish”. Piyoda bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi xavfi mavjudligini bildiradi;

  • 7.28 “Transport vositalari to‘qnashuvi”.Transport vositalari to‘qnashuvi xavfi mavjudligini bildiradi;

  • 7.29. “Velosipedchini urib yuborish”. Velosipedchini urib yuborilish xavfi mavjudligini bildiradi;

  • 7.30. “Transport vositalari ag‘darilishi”. Transport vositasi ag‘darilish xavfi mavjudligini bildiradi.

Shuningdek, yo‘l chiziqlarini chizish bo‘yoqlari hamda boshqa vosita va moddalar, yo‘l harakatini tashkil etishning texnik vositalarining narxlari bozordagi o‘rtacha ko‘rsatkichlari tegishli hududda yuzaga kelgan narxlar darajasini har oy o‘rganish orqali buyurtmachi va autsorser tomonidan narxlar bayonnomasi bilan belgilanadi.

Agar yo‘l chiziqlarini chizish bo‘yoqlari hamda boshqa vosita va moddalar, yo‘l harakatini tashkil etishning texnik vositalarining amaldagi bozor narxlari narxlar to‘g‘risidagi bayonnomada belgilangan narxlardan baland yoki past bo‘lsa, buyurtmachi autsorser va Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga ko‘rib chiqish va Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda qaror qabul qilish uchun tegishli hududdagi amaldagi narxlarni o‘rganib chiqish dalolatnomasi ilova qilingan takliflarni belgilangan tartibda yuboradi.

Qaror muhokamasi joriy yil 18 aprelga qadar davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 30 noyabr kuni qabul qilingan “Yo‘l harakati qoidalariga piyodalar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori bilan O‘zbekistonda yo‘llarda xavfsizlikni oshirishga qaratilgan “Baland piyodalar o‘tish joyi” yangi yo‘l belgisi joriy etilishi xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Yo'l harakati qoidalari yo'l belgisi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing