Yuqori Chirchiqda Xitoy tajribasi asosida urug‘chilik yo‘lga qo‘yiladi
Jamiyat
−
03 mart
2747Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidagi Agroxizmatlar markazida Xitoy tajribasi asosida urug‘chilik va ko‘chatchilikni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bu haqda bugun, 3 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tkazilgan qishloq xo‘jaligi sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga oid taqdimot bilan tanishish chog‘ida so‘z bordi.
Qayd etilishicha, ushbu tajriba uchun uchun 200 million dollar sarmoya kiritilib, paxta, bug‘doy, sholi, makka, uzum va meva navlari ko‘paytiriladi. Urug‘ olishdan boshlab, uni zamonaviy texnika va dronlar yordamida ekish, dorilash, yig‘ish va qayta ishlash bo‘yicha namunaviy hudud tashkil qilinadi.
Soha uchun yana bir dolzarb masala – malakali kadrlar. Bu borada Italiyada yaxshi ta’lim tizimi bor. Birgina Bolonya universiteti Yevropani malakali mutaxassislar bilan ta’minlashda katta o‘rin tutadi. Ilmiy institutlar xususiy sektor bilan hamkorlik qilib, buyurtma asosida sifatli navlarni yaratib, tijoratlashtiryapti.
Ushbu tajribalarni o‘rganish maqsadida Italiyadagi Bolonya, Tushia, Ferrara, Piza oliygohlariga bu yil 200 nafar yoshlarni yuborish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, Tushia universitetida yiliga 30 nafar oziq-ovqat texnologini grant asosida o‘qitish, yurtimizda kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish taklifini bildirgan.
Dunyo tajribasini o‘rganishda o‘qib, ishlash dasturlari ham qo‘l keladi. Masalan, Samarqand agrar instituti, Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti o‘tgan yili bir guruh talabalarni Germaniya va Angliyaga yuborgan. Toshkent davlat agrar hamda Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetlari, Farg‘ona oziq-ovqat institutida talabalarni Yaponiyaga yuborish uchun yapon tili markazlari tashkil etilmoqda.
Taqdimotda rejalar qo‘llab-quvvatlanib, bunday hamkorlikni Vengriya, Niderlandiya, Kanada, Avstraliya, Janubiy Koreya kabi agrosanoat rivojlangan davlatlar bilan ham kengaytirish zarurligi ta’kidlandi. Qishloq xo‘jaligi vazirligiga hududlarda innovatsion loyihalarni ko‘paytirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.
LiveBarchasi