Yo‘qolgan suvosti kemasiga tegishli bo‘lishi mumkin bo‘lgan qoldiqlar topildi
Olam
−
22 iyun 2023
13596Bir necha kun avval “Titanik” kemasi cho‘kkan joyga pullik ekspeditsiyalar uyushtiruvchi sayyohlik suvosti kemasi g‘oyib bo‘lgani haqida xabar bergan edik. AQSH qirg‘oq qo‘riqlash xizmati qidirilayotgan batiskaf bo‘yicha muhim ma’lumotni e’lon qildi.
Qayd etilishicha, qidiruv hududidan noma’lum qoldiqlar topilgan. Mutaxassislar hozirda masofadan boshqariladigan qurilma yordamida olingan ma’lumotlarni baholayotgani aytilmoqda. Qoldiqlarning “Titan” batiskafiga tegishli yoki yo‘qligi hozircha noma’lum. Topilma o‘rganilganidan so‘ng bugun tunda, Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da yangi ma’lumotlar taqdim etilishi ma’lum qilindi.
Ma’lumot uchun, qutqaruv operatsiyasiga 10 dan ortiq kema va bir nechta suv osti kemalari jalb qilingan. Qidiruv ishlarida Kanada qutqaruv xizmatlari ham ishtirok etmoqda.
Oldinroq maxsus asboblar suv ostida shovqin tarqatayotgan bir nechta nuqtalarni aniqlagandi. Biroq ularning hech biridan batiskaf topilmagan. Olimlarning fikriga ko‘ra, okean tabiiy tovushlar bilan to‘lgan, bu esa aks-sado vositasida qidiruv olib boruvchi uskunalarning samaradorligini pasaytiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yo‘qolgan suvosti kemasida kislorod tugagan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Biroq mutaxassislar bortda havo tugashining aniq vaqtini taxmin qilishning imkoni yo‘qligini, bu bir qancha omillarga bog‘liq ekanini aytmoqda. Shunga ko‘ra, batiskafdagi kislorod kutilganidan uzoqroq vaqtga yetishi mumkin.
LiveBarchasi