YPX xodimi xizmat mashinasida piyodani bosib ketdi
Jamiyat
−
13 Sentabr 2019
9343Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimi ishtirokida yo‘l-transport hodisasi yuz bergani, natijada piyoda vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Toshkent shahar IIBB Matbuot xizmati tarqalgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qilib, holat bo‘yicha rasmiy axborot berdi.
IIBB ma’lumotiga ko‘ra, kecha,12 sentyabr kuni taxminan soat 8:00 da Chilonzor tumanining Bunyodkor ko‘chasida YPX inspektori, kichik serjant B.K. Lacetti rusumli avtomobilda xizmat vazifasini olib borayotgan vaqtida piyodani urib yuborgan.
Ma’lum bo‘lishicha, piyoda piyodalar yo‘lakchasidan 30 metr uzoqlikda mumkin bo‘lmagan joydan yo‘lni kesib o‘tayotgan bo‘lgan. Shundan so‘ng, YPX inspektori boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetida turgan 48 yoshli fuqaro Z.U.ga tegishli Lacetti rusumli avtomobil bilan to‘qnashuv sodir etgan.
YTH oqibatida, 46 yoshli piyoda Z.A. tan jarohatlari olib, tibbiy yordamga murojaat qilgan. Hozirgi vaqtda shifokorlar uning ahvolini qoniqarli deb baholashmoqda.
Mazkur holat yuzasidan IIBBning xodimiga nisbatan YTH sabablari belgilanadigan xizmat tekshiruvi olib borilmoqda.