YPX xodimi haydovchiga qo‘pol munosabati uchun ishdan bo‘shatildi

3-sahifa

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimi Begali Badinov haydovchi bilan qo‘pol munosabatda bo‘lgani tasvirlangan video tarqalgan edi. Video ortidan u lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi xabar bermoqda

Ushbu videoda haydovchi YPX xodimi Badinov bilan muloqotda undan guvohnomasini ko‘rsatishini so‘raydi. Badinov esa unga qo‘pol munosabatda bo‘lib, hujjat ko‘rsatishdan bosh tortadi. Shuningdek, plansheti yo‘qligini aytib, undan barcha hujjatlarini berishini, avtomobil signalini chalib ko‘rishini talab qiladi. 

Turli vajlar bilan haydovchini tutib, uni avtomobildan tushishga majburlamoqchi bo‘lgan YPX xodimining harakatlari tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng, Badinovning xatti-harakatlari ustidan Andijon viloyati IIB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan xizmat tekshiruvi boshlandi. 

Tekshiruv yakuniga ko‘ra, joriy yilning 27 noyabr kuni xizmat mobaynida, haydovchi bilan o‘zaro muloqot davomida og‘ir-vazmin bo‘lmasdan, mulohaza bilan ish olib borish o‘rniga, fuqaroga baland ovozda, qo‘pol munosabatda bo‘lib O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi 975-son qarori bilan tasdiqlangan "Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risida"gi Nizom hamda Ichki ishlar vazirining ayrim me’yoriy buyrug‘i talablarini buzganligi uchun Andijon viloyati IIB YHXB xodimi B.Badinov egallab turgan lavozimidan ozod etilishi bo‘yicha xulosa qilingan.

O‘zbekistonda huquq-tartibot organlari, xususan Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari bilan fuqarolar o‘rtasidagi mojarolari soni kundan kunga ortib bormoqda. Muammoli va ommaviy axborot vositalarida keng tarqalayotgan holatlarning aksariyatida xodimlar o‘z vakolatlaridan tashqariga chiqayotgani, qo‘pol munosabatda bo‘layotgani, haqorat qilayotgani va qo‘l ko‘tarayotganini ko‘rish mumkin. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 10 iyun kuni Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on tuman Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Aziz Ahmedov Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarining zo‘rovonligi tufayli vafot etgandi. Mazkur holat bo‘yicha joriy yilning 3 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida YPX xodimlari M. Qo‘chqorov va Sh. Rahimberdiyev Jinoyat kodeksining 102-moddasi (ehtiyotsizlik orqasida odam o‘ldirish) 1-qismi va 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.

Sudlanuvchilar 2 yil ichki ishlar organlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, ularning har biriga 2 yil 10 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

YPX

Baholaganlar

223

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing