YouTube ma’muriyati QALAMPIR.UZ'ga “kumush belgi”ni taqdim etdi
Jamiyat
−
18 may 2021
8214Sizga QALAMPIR.UZ jamoasini quvontirgan ajoyib xushxabarni yetkazmoqchimiz. QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasi va nihoyat “kumush belgi”ni qo‘lga kiritdi.
2015 yilning aprel oyida ochilgan kanalga bugungacha qariyb 190 ming kishi a’zo bo‘lgan. “Kumush belgi” YouTube videoxostingi ma’muriyati tomonidan kanal a’zolari soni 100 ming nafardan oshgandan keyin berilsa-da, QALAMPIR.UZ o‘tgan yili butun dunyoda kuzatilgan pandemiya va karantin cheklovlari sabab ushbu belgini aynan bugun olish nasib etdi.
Hozirgacha QALAMPIR.UZ kanaliga 1500 dan ortiq videolar joylashtirilgan bo‘lib, ular 26 million marotabadan ortiq tomosha qilingan. Eng tomoshabop videolar orasida esa Ahmadboy, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Zokirjon Almatov, Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov bilan intervyular bor.
Oxirgi 28 kunda esa kanalimizga 16,5 ming kishi a’zo bo‘ldi. Bu o‘rtacha kuniga 590 kishi a’zolikka ro‘yxatdan o‘tdi degani. Yangi 16,5 ming obunachidan qariyb 10 ming nafari QALAMPIR.UZ kanaliga joylab borilayotgan yangi videolardan doimiy ravishda xabardor bo‘lib borish uchun “qo‘ng‘iroq” belgisini bosgan.
Shuningdek, izohlar borasida ham kanal yetakchi bo‘lib bormoqda. Har bir videoga yozilayotgan izohlar soni o‘rtacha 500 tani tashkil etmoqda.
Bizni YouTube’da kuzatayotganlarning 64,4 foizini O‘zbekiston, 20,8 foizini Rossiya, 3,3 foizini Qirg‘iziston, 3 foizini Qozog‘iston, 1,7 foizini turkiyalik foydalanuvchilar tashkil etadi.
Siz ham hoziroq QALAMPIR.UZ'ning YouTube kanaliga a’zo bo‘ling!