Yilning eng yaxshi mamlakati e’lon qilindi

Olam

image

11 yildan beri “Yil mamlakati” mukofotini topshirib keladigan “The Economist” jurnali 2023 yilda Gretsiyani g‘olib deb e’lon qildi. Tahririyat qarori yil davomida qaysi davlatda yaxshiroq o‘zgarishlar bo‘lganiga asoslanadi.

Qayd etilishicha, bundan 10 yil avval Gretsiya iqtisodiy inqirozdan qattiq jabr ko‘rgan, “Uoll-stritda kulgiga aylangan” hamda o‘ta o‘ng va o‘ta chap partiyalar hokimiyat uchun kurashgan paytda siyosiy beqarorlik davrini boshidan kechirgan. 

Biroq 2023 yilda Gretsiya “The Economist” jurnalining eng yaxshi iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ega 35 boy davlat reytingida ketma-ket ikkinchi marta birinchi o‘rinni egallagan. Shu bilan birga, 2023 yil iyun oyida hukmron “Yangi demokratiya” partiyasi Kiriakos Mitsotakis hukumati “og‘riqli islohotlar”ni amalga oshirishga majbur bo‘lganiga qaramay, avvalgi natijasini yaxshilagan holda yana saylovlarda g‘alaba qozongan.

“Uning tashqi siyosati tabiatan amerikaparast va yevropaparast bo‘lib, Rossiyaga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishi bilan ajralib turadi. Gretsiya o‘z misolida shuni ko‘rsatdiki, halokat yoqasida turib, qattiq, lekin oqilona iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, ijtimoiy shartnomani tiklash, vatanparvarlik tuyg‘usini namoyon etish va saylovlarda g‘alaba qozonish mumkin. 2024 yilda dunyoning yarmida saylovlar o‘tkazilishini hisobga olsak, barcha demokratlar bu holatga e’tibor qaratishlari kerak”, deb yozadi nashr.

“The Economist” 2023 yilda "avtokratik qo‘shnilarining tajovuzkor xatti-harakatlariga" qarshilik ko‘rsatishi kerak bo‘lgan boshqa mamlakatlar ham xalqaro e’tirofga loyiq ekanligini ta’kidlaydi. Ukraina bu ro‘yxatda birinchi o‘rinda turadi.

"Ukrainada hayot yaxshilandi deb aytish mumkin emas, lekin mamlakat G‘arbdagi ittifoqchilarning sust qo‘llab-quvvatlashiga qaramay, Putinning urush mashinasiga qarshi mardonavor kurashni davom ettirdi. Moldova Rossiyaning uni qo‘rqitish urinishlariga qarshilik ko‘rsatdi. Finlyandiya NATOga qo‘shildi va tez orada Shvetsiya ham unga ergashadi", deyiladi maqolada.

Shuningdek, nashr Braziliya va Polshada ikkala davlat hukumatlari almashganidan keyin vaziyat normallashganiga ham e’tibor qaratadi.

"Oktyabr oyida polshalik saylovchilar "Qonun va adolat" partiyasidan yuz o‘girib, bir qancha muxolif partiyalarni tanladi. Faxriy markazchi Donald Tusk boshchiligidagi yangi koalitsiya hukumati endigina ish boshlayapti, ammo “Qonun va adolat” demokratik institutlariga yetkazilgan zararni bartaraf etishda muvaffaqiyat qozonsa, Polsha kelasi yili bizning mukofotimiz uchun kuchli da’vogar bo‘ladi", deb ta’kidlaydi jurnal.


Maqola muallifi

Teglar

Gretsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing