Yiliga 40 million “spravka” – Vazir hujjatbozlik va byurokratiyani tanqid qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Ruslanbek Davletov byurokratiya, “spravka” tizimini tanqid qilib raqamlar yuqori ekaniga urg‘u berdi. 

“Mahalla tomonidan beriladigan “spravka” haqida aytadigan bo‘lsak, bunday holatlar bizdagi uzoq vaqtdan beri kelayotgan muammo edi. Hozir ham byurokratiya davom etyapti. Mahalladan 28ta “spravka” berilar ekan. Bir yilda 40 millionta berilgan. Bu 40 million nafar odamning hayotiga ta’sir qilib kelgan. Shu ham bekor bo‘ldi. Mahalladan “spravka” olib kelishni aytish mumkin emas. Mahalla hech qachon o‘zining bergan “spravka”siga javob bermagan. Biz shunday byurokratiyaga kirib ketgan edik”, deydi Adliya vaziri.

Ruslanbek Davletov shuningdek ba’zi sohalarda byurokratiya juda urchigani va bunga barham berish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirdi. “Spravka” so‘rash tartibi xalqqa qiyinchilik tug‘dirayotganini tanqid qildi. 

“Sog‘liqni saqlash sohasiga e’tibor qaratsak, psixdispanser va narkodispanserdan yiliga 500 ming “spravka” berilar ekan. Siz Mo‘ynoqda yashasangiz, Taxiatoshdagi dispanserga kelib ma’lumotnomani olishingiz kerak. Pul to‘lashingiz kerak, necha pul to‘laysiz, uni hech kim yozmagan. Bu yerda ovoragarchiliklar bo‘lgan. Bu ma’lumotnomalar 1 martdan Davlat xizmatlari markazi orqali beriladigan bo‘lyapti. Hukumatimiz qo‘llab-quvvatladi. Har kim o‘z tumanidan ma’lumotnomasini olishi mumkin. Oldin 14 joydan berilgan bo‘lsa, endi 200ta tumandan berilyapti. 

O‘zi nimaga “spravka” so‘ralyapti degan masalani ham oldimizga qo‘yyapmiz. Nimaga hamma tashkilotga borsangiz 10ta narsa so‘raydi, 5 ta rasm so‘raydi, 2ta “spravka” so‘raydi degan masalalar bor. Nega rasmni ichki ishlar tizimi, integratsiya orqali o‘zi olmaydi? Hamma rasmga tushib yurishi kerak. Bu narsalar xalq uchun juda qulay bo‘lishi, qiyinchiliklar yaratmasligi kerak”, deya davlat idoralaridagi qog‘ozbozlikni tanqid qildi Adliya vaziri.


Maqola muallifi

Teglar

Ruslanbek Davletov

Baholaganlar

121

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing