Yil oxirigacha amaldorlarning daromadlarini deklaratsiyalash tizimi joriy etiladi — DSQ
Jamiyat
−
24 fevral 2020
6598O‘zbekistonda joriy yil so‘nggiga qadar xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda, davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimi yaratiladi va barcha tashkiliy-huquqiy asoslari ishlab chiqiladi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etish o‘rinliki, O‘zbekiston bunday deklaratsiya tizimini joriy etayotgan birinchi davlat emas. Hozirda DSQ mazkur korrupsiyaga qarshi kurashish me’yorlarini MDH mamlakatlarida amalga oshirish tajribasini o‘rganmoqda
Deklaratsiya Qozog‘istonda qanday tashkil etilmoqda?
Qozog‘istonda universal deklaratsiyani joriy etish muddati 2020 yil 1 yanvardan 2021 yil 1 yanvarga qoldirildi. Deklaratsiyaga tizimiga o‘tish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Xususan, deklaratsiya tizimini joriy etishni to‘rt bosqichda amalga oshirish nazarda tutilgan.
Birinchi bosqich – 2021 yil 1 yanvardan deklaratsiya universal deklaratsiya doirasida taqdim etiladi:
• Ma’suliyatli davlat xizmati lavozimidagi shaxslar va ularning turmush o‘rtog‘i;
• Davlat vazifalarini bajarishga vakolatli shaxslar va ularning turmush o‘rtog‘i;
• Davlat vazifalarini bajarishga vakolatli shaxslar va ularning turmush o‘rtoqlari bilan tenglashtirilgan shaxslar;
• “Qozog‘iston Respublikasidagi saylovlar to‘g‘risida”gi Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni, va “Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi, “Qozog‘iston Respublikasidagi banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi, “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi hamda “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi qonunlariga muvofiq. deklaratsiyani topshirish majburiyati yuklangan shaxslar deklaratsiya topshiradi.
Ikkinchi bosqich – 2023 yil 1 yanvardan boshlab, davlat muassasalari hamda jamoat sektori xodimlari va ularning turmush o‘rtoqlari uchun deklaratsiya topshirish tizimi joriy etiladi.
Uchinchi bosqich – 2024 yil 1 yanvardan yuridik shaxslar rahbarlari hamda ta’sischilari, yakka tartibdagi tadbirkorlar va ularning turmush o‘rtoqlari deklaratsiya topshira boshlaydi.
To‘rtinchi bosqich – 2025 yil 1 yanvardan boshlab qolgan barcha toifadagi fuqarolar uchun deklaratsiya topshirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 24 yanvar kuni Oliy Majlis palatalariga yo‘llagan Murojaatnomasida korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish maqsadida davlat xizmatchilarining daromadlarini deklaratsiyalash tizimi joriy etilishi kerakligi haqida gapirgan edi.
LiveBarchasi