Yil oxiriga qadar valyuta kursi keskin o‘zgarmasligi aytildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bank joriy  yilning yanvar-sentyabr oylari davomida ichki valyuta bozori to‘g‘risida qisqacha sharhni e’lon qildi

Ta’kidlanishicha, 2019 yilning 9 oyi davomida ichki valyuta bozorida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshirilgan valyuta oldi-sotdi operatsiyalarining jami aylanma hajmi 24,3 milliard AQSH dollarini tashkil etib, o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichga (18,3 milliard dollar) nisbatan 1,3 barobarga oshdi.

Ichki valyuta bozorida amalga oshirilgan operatsiyalar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

Valyuta birjasi orqali amalga oshirilgan operatsiyalar
Valyuta birjasining banklararo savdo sessiyalarida amalga oshirilgan valyuta oldi-sotdi operatsiyalarning hajmi 15,5 milliard dollarni tashkil etib, bundan jami talab 7,7 milliard dollarga, taklif esa 4,8 milliard dollarga teng bo‘ldi.

Talab va taklif o‘rtasidagi 2,9 milliard dollar miqdoridagi tafovut Markaziy bankning sof intervensiyalari hisobiga qoplanib, yil boshidan mahalliy ishlab chiqaruvchilardan sotib olingan monetar oltin hajmi (3,0 milliard dollar) doirasida bo‘ldi. Bu, o‘z navbatida, pul-kredit siyosatidan kelib chiqib, iqtisodiyotga qo‘shimcha kiritilgan likvidlikni sterilizatsiya qilish imkonini yaratdi.

Birjadan tashqari valyuta bozorida amalga oshirilgan operatsiyalar:

•   Birjadan tashqari valyuta bozorida tijorat banklari tomonidan amalga oshirilgan valyuta oldi-sotdi operatsiyalarining jami hajmi 5,2 mlrd. dollarga teng bo‘ldi. Bunda tijorat banklari mijozlar-yuridik shaxslardan 3,0 milliard dollar miqdorida valyuta mablag‘lari sotib olib, o‘z navbatida ularga 2,2 milliard dollar miqdorida valyuta mablag‘lari sotildi. Ushbu operatsiyalar natijasida yuzaga kelgan 0,8 mlrd. dollar miqdoridagi valyuta mablag‘lari tijorat banklarining o‘z ixtiyorida qolib, ichki valyuta bozorida qo‘shimcha taklif shakllanishiga zamin yaratdi;

•   Valyuta ayirboshlash shoxobchalari orqali tijorat banklari bilan aholi o‘rtasida amalga oshirilgan valyuta oldi-sotdi (naqd va naqdsiz shaklda) operatsiyalarining jami hajmi 3,6 milliard dollarga yetdi. Bunda aholidan sotib olingan valyuta mablag‘lari 2,5 milliard dollarni, aksincha ularga sotilgan valyuta miqdori 1,0 milliard dollarni tashkil etdi. Yuqoridagi kabi, aholi bilan amalga oshirilgan operatsiyalar natijasida yuzaga kelgan 1,5 milliard dollar miqdoridagi valyuta mablag‘lari ham ichki valyuta bozorida taklif yaratdi.

Tijorat banklarining aholi bilan valyuta oldi-sotdi operatsiyalari hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,4 barobarga oshdi.
Shuningdek, joriy yil yanvar-sentyabr oylari davomida aholi tomonidan amalga oshirilgan pul o‘tkazmalari jami aylanma hajmi 5,2 milliard dollarni tashkil etib, bundan 4,5 milliard  dollar valyuta mablag‘lari respublikaga xalqaro pul o‘tkazmalar tizimi orqali kirib kelgan bo‘lsa, 0,8 milliard dollar aholi tomonidan chet el mamlakatlariga yuborilgan.

Xalqaro pul o‘tkazmalari orqali respublikaga kirib kelgan valyuta mablag‘lar hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18 foizga oshdi (2018 yil yanvar-sentyabr - 3,8 milliard dollar)

Valyuta kursi dinamikasi

2019 yilning 9 oyida davomida milliy valyutamizning chet el valyutasiga nisbatan kursi ichki valyuta bozorida mavjud talab va taklifdan kelib chiqib 13 foizga pasaydi. Ushbu davr mobaynida valyuta kursining minimal va maksimal ko‘rsatkichi mos ravishda 8334 so‘m/dollar (yanvar oyida) va 9457 (sentyabr oyida) so‘m/dollarni tashkil etdi.

Joriy yilning avgust oyida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida almashuv kursining yangi bozor sharoitlariga moslashtirilishidan so‘ng sentyabr-oktyabr oylarida valyuta birjasida almashuv kursi dinamikasining barqarorligi kuzatilib, makroiqtisodiy sharoit va omillarni inobatga olgan holda yil yakuniga qadar keskin o‘zgarishi kutilmayapti.


Maqola muallifi

Teglar

valyuta kursi Markaziy bank

Baholaganlar

31

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing