Yigitlar qanday cho‘kkani ma’lum bo‘ldi, qayiqdagilardan biri omon qolgan
Jamiyat
−
29 iyul 2019
36280Avvalroq, toshkentlik ikki yigit – 1995 yilda tug‘ilgan Dilshod Rixsiboyev va 1996 yilda tug‘ilgan Anvar Ilhomov Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanida joylashgan Chorvoq suv omborida cho‘kib ketgani, joriy yilning 24 iyul kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan qidiruv ishlari boshlab yuborilgani haqida xabar bergan edik. Bugunga qadar qidiruv ishlarida natija bo‘lmagan. QALAMPIR.UZ O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan bog‘lanib, voqeaga aloqador ma’lumotlarni o‘rgandi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi Matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, ayni vaqtda tergovga qadar surishtiruvlar davom etmoqda.
Aniqlanishicha, shu kuni yigitlar oila a’zolari bilan birgalikda, Bo‘stonliq tumani, Nanay MFY, Nanay ko‘chasi, 86-uyga (dalahovliga) dam olish maqsadida kelib, dala hovlining orqa pastki tomonida joylashgan Chorvoq suv omboriga cho‘milish maqsadida tushishgan. Ularning orasida Anvar Ilhomovning akasi Ahror Ilhomov ham bo‘lgan. Uchovlon qayiqqa o‘tirib, suv omborining narigi qirg‘og‘iga o‘tishgan. U yerdan qaytayotganlarida suvda harakatlanayotgan katerlar sabab kuchli to‘lqin yuzaga kelgan. To‘lqin Ahror Ilhomov, Dilshod Rixsiboyev va Anvar Ilhomov o‘tirgan qayiqni ag‘darib yuborgan. Natijada Ahror Ilhomov suv ustiga chiqib olgan va suzib qirg‘oqqacha kelgan. Uni suvdan qirg‘oqqa oila a’zolari tortib olgan. 24 yashar Dilshod Rixsiboyev va 23 yashar Anvar Ilhomov qayiq ag‘darilgan mahal suvga g‘arq bo‘lgancha, qaytib chiqishmagan.
QALAMPIR.UZ`ga ma’lumki, yigitlarning ikkisi ham oilali. Anvar Ilhomovning esa bir nafar farzandi bor.
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Matbuot xizmati xodimi Samandar Hikmatullayev qidiruv ishlari haqida ma’lumot berdi.
“Odamlar orasida tarqalayotgan taxminlar, sputnikdan ko‘rinibdi degan gap-so‘zlar quruq mish-mish, ular hech qanday faktga asoslanmagan. Suvning bosimi bor, odam 7-8 metrdan keyin suvning bosimini sezishni boshlaydi. 40 metrdan keyin suv odamni siqib qo‘yadi va ichkaridagi bosim ortib ketgani uchun quloq va burundan qon oqishni boshlaydi.
G‘avvoslar ruxsat etilgan chuqurlikka tushishadi. Ularning har biriga alohida – jismoniy holatidan kelib chiqib turlicha ruxsatnoma berilgan: kimdir 20, kimdir 40, kimdir 60 metrgacha tushadi.
Taxminlar borki, yigitlar cho‘kkan joyida bo‘lmasligi ham mumkin. Chunki suvning tagida ham oqim bor. Oqim oqizib ketadi. Ba’zan Qirg‘izistonda cho‘kkanlar O‘zbekistonga o‘tib ketadi, ayrim hollarda Qibrayda cho‘kkanlar Sirdaryogacha borib kolishi mumkin. Anhor kanalining boshida cho‘kkan odam Toshkentdan chiqib ketgunga qadar qidiriladi.
Suvimiz loyqa, g‘avvoslar suvning tagida har qarichni paypaslab qidiradilar. Suvning usti toza ko‘ringani bilan, tagida loy. Bu juda qiyin jarayon. Shu bois qo‘shimcha kuchlar jalb qilinmoqda”, deydi Samandar Hikmatullayev
Ayni vaqtda Rixsiboyev va Ilhomovni qidirish uchun robotlardan foydalanilyapti.
LiveBarchasi