“Yevrouchlik” Eron ustidan BMT sanksiyalarini qayta tiklamoqchi

Olam

image

Eronning yadroviy dasturi atrofidagi davom etayotgan mojarolar fonida Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya so‘nggi o‘n yillik davomida to‘xtatilgan BMT sanksiyalarini Tehron ustidan qayta tiklash mexanizmini ishga tushirdi. Bu haqda kecha, 28 avgust kuni “yevrouchlik” (E3) tomonidan BMT Xavfsizlik Kengashiga yuborilgan xatga tayanib, “Reuters” xabar berdi.

Besh betlik hujjatda E3 mamlakatlari so‘nggi olti yil davomida Eron tomonidan yadroviy kelishuvning ko‘plab marta buzilganini ko‘rsatib o‘tgan. 2019 yildan buyon Tehron butun yadroviy infratuzilmasini modernizatsiya qilgan, jumladan, 60 foizgacha boyitilgan 408 kilogramm uran jamg‘argan. Tashqi ishlar vazirlari bayonotida qayd etilishicha, bunday yuqori darajadagi boyitish tinch maqsadlar bilan oqlanmaydi.

“Erondagi harakatlar uning yadroviy energiyasidan faqat tinch maqsadlarda foydalanishiga mutlaqo zid keladi”, deyiladi xatda.

Bundan tashqari, Eron Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) inspektorlari bilan hamkorlikni shunchalik qiyinlashtirganki, uning yadroviy dasturini mustaqil tekshirish imkonsiz bo‘lib qolgan.

AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniyaning Eronga qarshi BMT sanksiyalarini qayta tiklash qarorini olqishlagan. Uning aytishicha, uchta Yevropa davlati Tehronning yadroviy majburiyatlarni “jiddiy ravishda bajarmayotganini” batafsil bayon qilgan. Shuningdek, Rubio AQSHning hamon Eronga nisbatan “yadroviy muammoni tinch yo‘l bilan va uzoq muddatli hal etish” maqsadida bevosita muzokaralarga tayyor ekanini ma’lum qilgan.

Eron hukumati esa Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya tomonidan xalqaro sanksiyalarni tiklash harakatlarini keskin qoralab, ularni “noqonuniy va achinarli” deb atagan. Ularning bildirishicha, bu qadam diplomatik yechimga qarshi qaratilgan. Tehrondagi hukumatning yuqori martabali vakili “Reuters”ga bergan intervyusida Eron o‘zida javob choralarini qo‘llash huquqini saqlab qolishini, jumladan, MAGATE bilan hamkorlikni qisqartirishni ma’lum qilgan.

Ma’lumot uchun, 2015 yilda Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, AQSH, Xitoy va Rossiya Eron bilan uning yadroviy qurol ishlab chiqishini oldini olish maqsadida kelishuv imzolagan. Bu bitimga ko‘ra, Eron yadroviy dasturiga cheklovlar qo‘yishga rozi bo‘lib, buning evaziga unga nisbatan sanksiyalar bekor qilinishi kerak edi. 2018 yilda esa Donald Trampning birinchi prezidentlik davrida AQSH bu kelishuvdan bir tomonlama chiqib, Eron ustidan yangi sanksiyalar joriy qildi.

Shundan so‘ng Tehron asta-sekin o‘z zimmasiga olgan majburiyatlardan voz kecha boshladi va yadroviy ob’ektlarida uranni boyitishni qayta yo‘lga qo‘ydi. AQSH rasmiylari bahosiga ko‘ra, Eron kelishuvda belgilangan me’yorni to‘rt baravar oshirib yuborgan. Tehron esa uranni yadroviy qurol ishlab chiqish uchun boyitayotganini inkor etmoqda.

Uch Yevropa davlati, shuningdek, Xitoy va Rossiya yadroviy kelishuv ishtirokchilari bo‘lib qolmoqda. Ular joriy yilning avgust oyi oxirigacha, agar avvalroq Isroil va Eron o‘rtasidagi urush boshlanishidan oldin Eron va AQSH o‘rtasida olib borilgan muzokaralar qayta tiklanmasa yoki aniq natija bermasa, BMT sanksiyalarini “qaytarish mexanizmi” asosida tiklash bilan tahdid qilmoqda. Bu mexanizm BMT Xavfsizlik Kengashining yadroviy bitimni mustahkamlovchi rezolyutsiyasi amal qilish muddatidan qat’i nazar, sanksiyalarni qayta tiklash imkonini beradi.


Maqola muallifi

Teglar

sanktsiya Evrouchlik E3

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing