Yevroparlament vitse-prezidenti korrupsiyada ayblanib, mahalliy partiyadan haydaldi

Olam

image

Yevropa Parlamenti vitse-prezidenti Yeva Kayli korrupsiyada ayblanishi ortidan Gretsiyadagi siyosiy partiyadan chiqarildi. Bu haqda CNN nashri xabar berdi.

Gap shundaki, kecha, 9 dekabr kuni Belgiyaning federal prokurori mahalliy RTBF telekanaliga bergan intervyusida Yevroparlamentning 14 nafar vitse-prezidentlaridan biri Fors ko‘rfazi mamlakatlari ishtirokidagi korrupsiya ishi bo‘yicha so‘roq qilinayotganini ochiqlagan.

Prokuror o‘z bayonotida qayd etishicha, Belgiya federal politsiyasi inspektorlari ikki yildan buyon Fors ko‘rfazidagi mamlakatni Yevroparlamentning iqtisodiy va siyosiy qarorlariga ta’sir ko‘rsatish maqsadida Yevroparlamentdagi muhim shaxslarga katta miqdorda pul yoki sovg‘a-salomlar berganlikda gumon qilib kelgan.

Federal prokuror vitse-prezidentning ismini aytmagan bo‘lsa-da, yana uch kishi so‘roq qilinayotgani, hibsga olinganlar orasida Yevroparlamentning keksa deputati ham bor ekanini qayd etgan.

Belgiya telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, tergov doirasida o‘tkazilgan tintuvlar natijasida taxminan 600 ming yevro naqd pul va kompyuter hamda telefon qurilmalari musodara qilingan.

Ushbu voqealar fonida Gretsiyaning asosiy muxolifat partiyalaridan biri bo‘lgan “Butun yunon sotsialistik harakati”ning bayonotida mamlakat Prezidenti Nikos Andrulakisning qarori bilan Yevroparlament deputati Yeva Kayli partiyadan chiqarib yuborilganini e’lon qilgan. Bunga “Belgiya hukumati tomonidan Yevropa rasmiylarining korrupsiyasiga oid tergovi”  sabab sifatida keltirilgan.

Qolaversa, Kaylining Yevroparlamentdagi siyosiy guruhi – “Sotsialistlar va demokratlarning progressiv ittifoqi” ham 9 dekabr kuni davom etayotgan tergovlarga javoban Kaylini guruhdan chiqarishlarini e’lon qilgan.

Ma’lumot o‘rnida, Yeva Kayli 1978 yilning 26 oktyabr kuni Gretsiyaning Saloniki shahrida tug‘ilgan. U 2014 yildan Yevropa Parlamenti deputati, 2022 yilning yanvaridan Yevroparlament vitse-prezidenti sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Parlamenti Evroparlament Eva Kayli

Baholaganlar

63

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing