Yevroparlament Putinning tanqidchisini ozod qilishni talab qildi
Olam
−
20 aprel 2023
5179Bugun, 20 aprel kuni Yevroparlament deputatlari Moskva shahar sudi tomonidan qattiq rejimli koloniyada 25 yilga hukm qilingan muxolifatchi siyosatchi Vladimir Kara-Murzani ozod qilishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi. Bu haqda Yevroparlament saytida chop etilgan xabarda aytiladi.
Yevropalik deputatlar bu sud qarorini qoralagan va Vladimir Kara-Murzani zudlik bilan ozod qilishni talab qilgan. Rezolyutsiyada deputatlar Aleksey Navalniyga nisbatan ham xuddi shunday iltimos bilan chiqishayotgani ta’kidlangan.
Rezolyutsiya uchun 508 deputat ovoz bergan, 14 deputat qarshi chiqqan, 31 deputat esa betaraf qolgan. Biroq aytish joizki, Yevroparlament rezolyutsiyalarida yuridik kuch mavjud emas, u faqat maslahat xarakteriga ega.
Eslatib o‘tamiz, 17 aprel kuni Vladimir Kara-Murza davlatga xiyonat qilish, Rossiya armiyasi haqida yolg‘on ma’lumot tarqatish va nomaqbul tashkilotga rahbarlik qilishda ayblanib, 25 yilga qattiq rejimli koloniyaga hukm qilingandi. Mazkur hukmdan so‘ng Londondagi Rossiya elchisi Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilgandi. Shundan so‘ng, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ham Moskvadagi AQSH, Buyuk Britaniya va Kanada elchilarini Rossiya ichki ishlariga aralashganlik va diplomatik maqomga to‘g‘ri kelmaydigan faoliyat vaji bilan chaqirtirgandi.
LiveBarchasi