Yevroparlament Armaniston bilan yaqinlashish bo‘yicha rezolyutsiya qabul qildi
Olam
−
14 mart
2640Yevropa parlamenti Armaniston bilan aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha rezolyutsiyani qabul qildi. Hujjat uchun ovoz berish jarayoni Yevroparlament saytida translyatsiya qilindi.
Parlament a’zolari ijro tuzilmalariga Yevropa Ittifoqi va Armaniston o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashni tavsiya qildi. Yevroparlament Yerevanning Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotidagi (KXSHT) ishtirokini to‘xtatganiga ishora qildi. Shuningdek, deputatlar Armanistonga YeI a’zoligiga nomzod maqomi berish taklifini o‘rganishga chaqirdi.
Rezolyutsiya mualliflari Yevropa Ittifoqi Armaniston suverenitetiga tahdid soluvchi davlatlarga nisbatan cheklovchi choralarni qo‘llashga tayyor bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi.
Yevroparlament rezolyutsiyalari yuridik kuchga ega emas va maslahat xarakteriga ega, lekin ulardan Yevropa Ittifoqida muayyan siyosiy pozitsiyalarni ilgari surish va tarqatish uchun foydalaniladi.
Ma’lumot uchun, avvalroq Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan “France 24” telekanaliga bergan intervyusida Yerevan KXSHTdagi ishtirokini to‘xtatganini ma’lum qilgandi. Shuningdek, u Minskdagi KXSHT sammitida ham qatnashmadi. Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning qayd etishicha, Moskva Pashinyan bayonotlariga aniqlik kiritish uchun Yerevan bilan aloqalarni davom ettirmoqda. Rossiya TIVning izoh berishicha, Moskva bu masala bo‘yicha Yerevandan ikki tomonlama kanallar orqali tushuntirish kutmoqda.
LiveBarchasi