Yevropaning yana to‘rt davlati Falastinni tan olishi kutilmoqda
Olam
−
28 may
10698Belgiya, Lyuksemburg, Portugaliya va Sloveniya tez orada Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olishi kutilmoqda. Bu haqda Falastinning Rossiyadagi elchisi Abdul Hafiz Nofalga tayanib, TASS xabar berdi.
"Biz yaqin kunlarda Sloveniya qaror qabul qilishini kutyapmiz. Lyuksemburg ham tez orada o‘z qarorini e’lon qilishini kutamiz. Belgiya va Portugaliya ham shular jumlasidandir. Yevropaliklar nimadir noto‘g‘ri ekanini tushuna boshladi. Nega Isroil aynan shunday qilyapti?”, deydi Abdul Hafiz Nofal.
Falastin elchisi hatto amerikalik talabalar ham Isroilni qoralay boshlaganini ta’kidladi.
"Isroilning ichida ham juda katta muammo bor. Chunki, bilasizmi, urushning sakkizinchi oyi va Isroilni hech kim to‘xtata olmayapti. Bu qanday to‘g‘ri bo‘lishi mumkin? 500 mingdan ortiq isroillik ikki fuqarolikka ega. Ular allaqachon mamlakatni tark etgan. Ular bu urushga o‘rganmagan", dedi Nofal.
Falastin davlati hozirda BMTga a’zo 193 davlatdan 143 tasi, shu jumladan O‘zbekiston tomonidan suveren davlat sifatida tan olingan.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 28 may kuni Norvegiya, Irlandiya va Ispaniyaning Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olishi to‘g‘risidagi qarori kuchga kirdi.