Yevropaning eng keksa erkagi vafot etdi
Olam
−
14:06 2126 2 daqiqa
Yevropaning eng keksa erkagi Vitantonio Lovallo 112 yoshida vafot etdi. U Italiya janubidagi Avilyano kommunasiga qarashli kichik Sarnelli qishlog‘ida yashagan. Bu haqda “Corriere della Sera” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Lovallo 1914 yilda tug‘ilgan va joriy yilning 25 mart kuni 112 yoshini nishonlagan. Yoshligida u cho‘pon, so‘ngra xachir haydovchisi bo‘lib ishlagan. Ikkinchi jahon urushi davrida u harbiy xizmatga chaqirilgan va 1943 yilda Gretsiyada nemis qo‘shinlariga asirga tushgan. Keyinchalik u Germaniyadagi konslagerga deportatsiya qilingan va u yerdan 1945 yilning may oyida ozod etilgan.
Urushdan keyin Lovallo Italiyaning Bazilikata viloyatiga qaytgan. Uning uch nafar farzandi – ikki qiz va bir o‘g‘li bor.
“Uning soddalik, kuch-g‘ayrat hamda oilasiga va o‘z zaminiga bo‘lgan muhabbat bilan kechirgan uzoq umri qalbimizda abadiy qoladi”, deydi Avilyano meri Juzeppe Mekka.
Shu bilan birga, rasmiy hujjatlarda Lovalloning tug‘ilgan sanasi 1914 yil 28 mart deb ko‘rsatilgan, oilasi esa uning tug‘ilgan kunini 25 mart deb hisoblaydi. Bu farq o‘sha davrda chaqaloqni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun munitsipalitetgacha 20 kilometr atrofida masofani bosib o‘tish talab etilgani bilan izohlangan. Lovalloning dafn marosimi bugun, 17 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Endilikda Yevropaning eng keksa erkagi 111 yoshli portugaliyalik Joakim Varela bo‘ldi. Shu bilan birga, qit’ada undan yoshi kattaroq 31 nafar ayol yashamoqda. Ular orasidagi rekordchi 117 yoshli britanlik Etel Katerxem.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiyaning to‘rt imperatorini ko‘rgan eng keksa erkagi Mizuno Kiyotaka 111 yoshida vafot etgan edi.