Yevropaga Ukraina bo‘yicha “B” reja kerak – Orban
Olam
−
03 noyabr 2023
6616Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Yevropa Ittifoqi yetakchilarining Ukraina bilan mojaroda Rossiyaning mag‘lubiyati va Moskvadagi rahbariyatning o‘zgarishi haqidagi hisob-kitoblari asossiz ekanini, Yevropa boshqa strategiyaga muhtojligini aytdi. Bu haqda u bugun, 3 noyabr kuni Ostonada Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida so‘z ochdi.
"Ular Ukraina g‘alaba qozonadi, Rossiya esa mag‘lub bo‘ladi, shundan so‘ng Rossiyada rahbariyat o‘zgaradi va yangi rahbariyat bilan muzokaralar olib boriladi, deb o‘ylaydi. Bu muvaffaqiyatsiz reja. Bu juda ambitsiyali, lekin u ishlamaydi", deydi Orban.
Uning aytishicha, Yevropa Ittifoqida Ukrainadagi qurolli mojaroning davom etish kayfiyati saqlanib qolmoqda.
“Yevropa Ittifoqi yetakchilari Ukrainaning kurashni davom ettirishini istaydi. Ular Ukrainani moliyalashtirib, qurol-yarog‘ bilan ta’minlaydi”, deya ta’kidlaydi Bosh vazir.
Shu munosabat bilan u Yevropaga Ukraina bo‘yicha o‘t ochishni to‘xtatish va tinchlik muzokaralarini ko‘zda tutuvchi "B" reja zarurligini aytgan.
"Vengriya bunday rejani qo‘llab-quvvatlaydi. Biz Rossiya va Ukraina uchun maqbul bo‘lgan yangi Yevropa xavfsizlik arxitekturasini qurishga chaqiramiz", deydi Orban.
Bundan tashqari, u Yevropa xavfsizlikning yangi arxitekturasi Turkiyani o‘z ichiga olishi va bu butun turkiy dunyoga [ijobiy] ta’sir ko‘rsatishiga ishonch bildirgan.
“Turkiyasiz Yevropada xavfsizlik bo‘lmaydi”, degan Vengriya Bosh vaziri.
Bundan tashqari, Orban Sharq va G‘arb o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni saqlab qolish tarafdori ekanini bildirib, dunyoning yangi bloklarga bo‘linishi xatoligini ma’lum qilgan.
LiveBarchasi