Yevropada tramvaylar bouling bo‘yicha bellashdi (video)

Olam

image

Varshavada bo‘lib o‘tgan XII Yevropa tramvay haydovchilari chempionatida Chexiyaning Praga jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 19 sentyabr kuni Polsha poytaxtining markazida o‘tkazilgan musobaqada Yevropaning turli shaharlaridan hamda Avstraliyaning Melburn shahridan kelgan 26 ta ikki kishilik jamoa ishtirok etgan.

Musobaqa Varshavaning tramvay tarmog‘i 160 yilligiga bag‘ishlanib, Jamoat transporti kuni tadbirlari doirasida tashkil etilgan.

Chempionatda haydovchilar tramvayni boshqarishdagi aniqlik, tezlik va o‘zini nazorat qilish mahoratini sinovdan o‘tkazadigan bir qator shartlarda bellashgan.

Jumladan, ishtirokchilar tramvay yordamida keglilarni urib tushirdi. Yana bir shartda esa harakatlanayotgan tramvay oynasidan savatga to‘p tashlash talab qilingan.

Haydovchilar tramvayni orqaga haydash va tormozlash vaqtida suv solingan idishdagi suyuqlikni imkon qadar kam to‘kishi, transport vositasini platformaning markaziga aniq to‘xtatishi hamda yo‘ldagi to‘siqni aylanib o‘tishi kerak bo‘lgan.

Shuningdek, musobaqaning yana bir shartida spidometr to‘liq yopib qo‘yildi. Haydovchilar tramvayni uning tezligini ko‘rsatuvchi asbobga qaramasdan, belgilangan tezlikka olib chiqishi talab etilgan.

XII TRAM-EM chempionatida Praga shahrining tramvay haydovchilari – Vendula Tmeyova va Zdenek Rixterdan iborat jamoasi birinchi o‘rinni egallagan. Shuningdek, Ruminiyaning Oradya va Bolgariyaning Sofiya shaharlari jamoalari ham sovrindorlar qatoridan joy olgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, musobaqada eng yaxshi tramvay haydovchisi deb Kiyev shahridan Andrey Bichev, eng yaxshi ayol haydovchi sifatida esa Finlyandiyaning Tampere shahri vakili Xilda Polamo topildi.

Keyingi, XIII Yevropa tramvay haydovchilari chempionati 2027 yil 3 iyul kuni Lyuksemburgda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vengriyada qabr qazish bo‘yicha o‘ziga xos musobaqa o‘tkazilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing