Yevropada gaz narxi 3200 dollardan oshdi
Olam
−
25 avgust 2022
8073Bugun, 25 avgust kungi savdolarda Yevropada gaz narxi 1000 kub metr uchun 3200 dollardan oshdi. London ICE birjasiga ko‘ra, bunday yuqori narx 8 martdan beri birinchi marta kuzatildi. Kun boshidan buyon gaz narxining umumiy o‘sishi 8 foizdan ortiqni tashkil etdi.
Niderlandiyadagi TTF markazida sentyabr fyucherslari narxi 1000 kub metr uchun 3238,5 dollargacha yoki MVt/soat uchun 312,61 yevroga ko‘tarildi.
O‘sish qishgacha zaxiralarni to‘playotgan rivojlangan davlatlar, jumladan Yaponiya va Janubiy Koreya o‘rtasida bozorda raqobat kuchayishi tufayli suyultirilgan gaz yetkazib berish bo‘yicha Osiyo fyucherslari narxining oshishi fonida sodir bo‘lmoqda. Shuningdek, 31 avgustdan boshlab yagona gaz kompressor blokining ta’mirlanishi munosabati bilan “Shimoliy oqim” orqali yetkazib berish uch kunga to‘xtatilishi haqidagi taxminlar narxlarga ta’sir qilishda davom etmoqda.
2022 yil 7 mart kuni gazning birja narxi tarixda birinchi marta 1000 kub metr uchun qariyb 3900 dollarga yetgandi.
“Gazprom” bu qishda Yevropada gaz narxi 1 ming kub metr uchun rekord darajadagi 4 ming dollardan oshishi mumkinligini istisno qilmadi.
TASS agentligi bilan suhbatlashgan ekspertlar qishda keskin sovuq tushishi va zahiralarning kamayishi sabab gaz narxining 1000 kubometri uchun rekord darajadagi 5000 dollargacha oshishi mumkinligini istisno qilmagan. Ularning fikricha, hozir bozorda spot narxlar uchun oqilona chegara yo‘q.
27 iyuldan boshlab “Shimoliy oqim” gaz quvuridan bir nechta gaz turbinalari to‘xtatilishi munosabati bilan quvur 20 foiz quvvati bilan ishlay boshladi. Ulardan biri – Kanadada Siemens Energy tomonidan ishlab chiqarilgan – ta’mirlash uchun Monrealga yuborilgan. Ottavaning Moskvaga qarshi sanksiyalari tufayli ishlab chiqaruvchi dastlab ta’mirlangan uskunani Germaniyaga qaytarishdan bosh tortdi, biroq GFRning ko‘plab so‘rovlaridan so‘ng, u cheklovlarga qaramay, uni qaytarishga qaror qildi.
25 iyul kuni “Gazprom” kapital ta’mirlashgacha bo‘lgan vaqt tugaganligi sababli Portovaya kompressor stansiyasida yana bir gaz turbinali dvigatelni majburiy to‘xtatishini e’lon qildi. Shunday qilib, faqat bitta turbina ish holatida qoldi.