Yevropa yonmoqda: 100 millionga yaqin odam kuchli issiqdan aziyat chekmoqda

Olam

image

Yevropaning katta qismida ekstremal issiq havo kuzatilmoqda. Germaniyaning deyarli barcha hududlarida rasmiy issiqlik ogohlantiruvlari e’lon qilingan. Fransiya va Avstriyada esa yuqori harorat sabab xavfning eng yuqori darajasi joriy etildi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 24 iyun kuni Yevropada kamida 94 million kishi kunduzi 35 darajadan yuqori harorat sharoitida yashaydi. Ularning aksariyati Ispaniya va Fransiya aholisi hisoblanadi.

Shuningdek, 350 milliondan ortiq odam yashaydigan hududlarda havo harorati 30 darajadan oshib ketishi kutilmoqda. Bu Turkiya hisobga olinmagan holda Yevropa aholisining qariyb uchdan ikki qismiga teng.

Germaniyaning deyarli barcha hududlarida bir necha kundan beri ekstremal issiqlik bo‘yicha rasmiy ogohlantirishlar amal qilmoqda. Faqat Shlezvig-Golshteyn, Meklenburg – Old Pomeraniya va Brandenburg yerlarining ayrim hududlarigina bu ro‘yxatga kirmagan.

Germaniya meteorologiya xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatning janubidan yanada issiq havo oqimi kirib kelmoqda. Bu esa janubiy-g‘arbiy hududlarda kuchli issiqlikni yuzaga keltirib, asta-sekin shimolga ham tarqalmoqda.

Mamlakat shimolida havo harorati 27–34 daraja, boshqa hududlarda esa 32–39 daraja bo‘lishi kutilmoqda. Ko‘plab joylarda “tropik tunlar” kuzatilmoqda, ya’ni kechasi harorat 20 darajadan pastga tushmayapti.

Sinoptiklar prognoziga ko‘ra, 25–26 iyun kunlari Germaniyaning g‘arbiy va janubiy-g‘arbiy hududlarida harorat 41 darajagacha ko‘tariladi. 27 iyun kuni esa mamlakatning deyarli barcha hududlarida havo 35–41 darajagacha isishi mumkin. Meteorologlar iyun oyi bo‘yicha yangi harorat rekordi o‘rnatilishi ehtimolini ham istisno qilmayapti.

Fransiyada kuchli issiqlik elektr ta’minotida muammolarni keltirib chiqardi. 24 iyun ertalab Bretan hududidagi 68 mingga yaqin xonadon elektrsiz qolgan. Bunga Erge-Gaberik kommunal hududida joylashgan elektr podstansiyasining o‘ta qizib ketishi sabab bo‘lgan. U yerda havo harorati 40 darajagacha ko‘tarilgan.

Fransiyada bir kun avval meteokuzatuvlar tarixidagi eng issiq kun qayd etilgan. Yaqin kunlarda ayrim hududlarda harorat 43 darajagacha yetishi mumkin.

Hozirda Fransiyaning materik qismidagi 96 departamentdan 58 tasida issiqlik bo‘yicha xavfning eng yuqori darajasi e’lon qilingan. Qolgan hududlarning aksariyatida esa ikkinchi darajali ogohlantirish amal qilmoqda. Hukumat fuqarolarga imkoni bo‘lsa uydan turib ishlashni tavsiya qilgan.

Avstriyada ham ekstremal issiqlik sabab eng yuqori darajadagi ogohlantirish e’lon qilindi. Xususan, Vena, Lins, Grats va Klagenfurt shaharlari xavf hududiga kiritilgan. Avstriya davlat meteoxizmati ma’lumotiga ko‘ra, Venada harorat 39 darajagacha, boshqa shaharlarda esa 37–38 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda.

Issiqlik to‘lqini Niderlandiya, Ispaniya va Buyuk Britaniya kabi boshqa Yevropa davlatlariga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiyada ikki kun davom etgan kuchli issiq havo oqibatida 18 kishi vafot etgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing