Yevropa sudi effekti: Andijon voqealaridan keyin Rossiyaga qochgan Chupik O‘zbekistonga deport qilinmaydigan bo‘ldi

Jamiyat

image

Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi huquq himoyachisi Valentina Chupikni O‘zbekistonga deportatsiya qilishni taqiqladi. Shundan so‘ng, Rossiya hukumati hibsda ushlab turilgan Chupikni qo‘yib yubordi. Bu haqda “Novaya gazeta” nashri huquq himoyachisining yordamchisi Aleksandr Kimga tayanib, ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, ayni vaqtda Chupik Yerevanga (Armaniston) parvoz qilmoqda. Huquq himoyachisining keyingi rejalari noma’lum. Uning vakillari Ukraina rasmiylariga Chupik va uning 84 yoshli, xasta onasi Lyubov Kodensova uchun boshpana so‘ragan, biroq hozircha javob yo‘q.

“O‘zbekiston Valentina Chupikka xorijga chiqish pasporti berdi. U bir soatcha oldin Yerevanga uchgan samolyot bortida. Ular [Rossiya hukumati] ortiq uni ushlab tura olmasdi”, deydi Kim.

Ta’kidlanishicha, Chupikning og‘ir kasal onasi hali ham Moskva yaqinida qolmoqda.

“Biz unga xorijga chiqish pasporti berilishi uchun taktika ishlab chiqamiz”, deydi Chupikning yordamchisi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) joriy yilning 25 sentyabr kuni “Sheremetevo” aeroportida “Tong Jahoni” muhojirlar huquqlarini himoya qilish markazi rahbari Valentina Chupikni hibsga olgandi. O‘sha vaqtda huquq himoyachisi Armanistondan qaytayotgan edi. Chupikning taxminiga ko‘ra, uning hibsga olinishiga Rossiya Ichki ishlar vazirligini korrupsiyada ayblab, tanqid qilgani sabab bo‘lgan.

Huquq himoyachisi hibsga olinganidan so‘ng, Rossiyaga kirishiga 30 yillik taqiq qo‘yilishi bilan birga, uni O‘zbekistonga deportatsiya qilish jarayoni boshlangan edi. Huquq himoyachisining so‘zlariga ko‘ra, u O‘zbekistondan qiynoqlar tufayli qochgan. Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi ham Chupinki vatanida qiynoqlar kutib turgan bo‘lishi mumkin, degan xavotir bilan uning deport qilinishiga taqiq qo‘ydi. 

Ma’lumot o‘rnida, Valentina Chupik 2005 yildagi Andijon voqealaridan keyin O‘zbekistondan Rossiyaga ko‘chib o‘tgan. 2009 yilda qochqin maqomini olgan. Huquq himoyachisining so‘zlariga ko‘ra, Andijonda namoyishchilar otib tashlanganidan so‘ng, O‘zbekiston maxsus xizmatlari uni yerto‘lada qiynoqqa solgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

319

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing