Yevropa Rossiyaga qaramlikdan qutilish uchun Afrikadan najot qidirmoqda

Olam

image
0:00
0:00
download

Yevropa Ittifoqi Rossiya gaziga qaramlikni kamaytirish maqsadida Afrika davlatlari, xususan Angola, Nigeriya va Senegal bilan energetika sohasida hamkorlik qilish niyatida. Bu haqda kecha, 2 may kuni “Bloomberg” Yevropa Ittifoqi hujjatiga tayanib xabar berdi.

Undagi ma’lumotlarga ko‘ra, Afrika davlatlari bilan gaz yetkazib berish bo‘yicha kelishuv Yevrokomissiya (YeK) tomonidan may oyidayoq YeIning Rossiya energetikasiga qaramligini kamaytirish rejasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar majmuasi doirasida ishlab chiqilishi mumkin.

Avvalroq YeK Yevropa Ittifoqi davlatlari gazning 40 foizini, neftning 27 foizini va ko‘mirning 46 foizini Rossiya Federatsiyasidan olishini eslatib o‘tgan edi. Ko‘mir embargosi Rossiyaga qarshi beshinchi sanksiyalar paketining bir qismi edi. U aprel oyida tasdiqlangan va avgust oyida kuchga kiradi.

Kecha, 2 may kuni Yevropa Ittifoqining energiya masalalari bo‘yicha komissari Kadri Simson Bryusselda bo‘lib o‘tgan Yevrokomissiya Kengashining favqulodda yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida Yevropa Komissiyasi Rossiya gazi uchun rublda to‘lashni sanksiya rejimini buzish deb hisoblashini, biroq kelgusi kunlarda keyingi harakatlar va to‘lov yo‘llar haqida tushuntirishlar jamiyat kompaniyalariga taqdim etilishini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 23 mart kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin hukumat va Rossiya Federatsiyasi Markaziy bankiga Rossiya gazining Yevropa davlatlariga yetkazib berilishi uchun to‘lovlarni rublga o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berdi. Bunga G‘arb davlatlarining Ukrainadagi urush ortidan Moskvaga qarshi joriy qilgan sanksiyalari sabab bo‘ldi.

Shundan so‘ng, Germaniya kansleri Olaf Shols ham Germaniya gazni rublda sotib olmasligini e’lon qildi. Uning ortidan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham rus gazini rubldan sotib olmasligini aytdi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin avvalroq Vazirlar Mahkamasi, Markaziy bank va “Gazprom” kompaniyasiga 31 martgacha Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va cheklov choralarini joriy qilgan boshqa mamlakatlarga gaz yetkazib berish uchun to‘lov valyutasini o‘zgartirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishni topshirgan edi.

Shu o‘rinda aytish joizki, Rossiya gazining xaridorlari hisob-kitoblarni rublga o‘tkazish bo‘yicha turlicha pozitsiyani egalladi. Germaniya kansleri Olaf Sholsning ta’kidlashicha, shartnomalarda xorijiy valyutalar “asosan yevro va dollar” ko‘rsatilgan. Germaniya Iqtisodiyot vazirligi vakili Robert Severin import qiluvchilar shartnomalar bajarilishini kafolatlashlari shartligini ta’kidladi. Italiya bosh vaziri Mario Dragi hisob-kitoblarni rublga o‘tkazishni shartnomalarning buzilishi deb atadi.

Joriy yilning 31 mart kuni Putin "do‘st bo‘lmagan" davlatlarga gazni rublda sotish tartibini tasdiqladi. 

Shundan so‘ng Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarga Rossiyaga qarshi sanksiyalarni buzmagan holda rus gazi uchun rublda to‘lov qilishga ruxsat berildi.

Joriy yilning 27 aprel kuni Rossiyaning "Gazprom" kompaniyasi Polsha va Bolgariyaga to‘lovni rublda amalga oshirmagani uchun gaz yetkazib berishni to‘xtatib qo‘ydi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

194

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing