Yevropa poytaxtlarida G‘azoda urushni to‘xtatishga chaqiruvchi namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda (video)
Olam
−
28 Oktabr 2023
10382Bugun, 28 oktyabr kuni Yevropa poytaxtlarida (ba’zilarida hukumat taqiqlaganiga qaramay) ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda. Uning ishtirokchilari G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va falastinlik qochqinlar uchun gumanitar yo‘lak ochishni talab qilmoqda. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
Buyuk Britaniya poytaxti London markazida minglab odamlar to‘planib, G‘azo mojarosini tinch yo‘l bilan hal qilishni, o‘t ochishni to‘xtatishni va Falastin xalqini qo‘llab-quvvatlashni talab qilgan.
"Daryodan dengizgacha, Falastin ozod bo‘ladi", degan shiorlarni hayqirgan yig‘ilganlar.
Politsiya namoyishda 100 mingga yaqin odam ishtirok etishini kutmoqda.
Manchester va Glazgo kabi Britaniyaning boshqa shaharlarida ham mitinglar rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, hukumat taqiqlaganiga qaramay, falastinliklarni qo‘llab-quvvatlovchi namoyish Fransiya poytaxti Parijda ham bo‘lib o‘tmoqda. Bir kun oldin buni sud taqiqlagan. U o‘z qarorini "jamoat tartibini buzishning jiddiy xavfi" mavjudligi bilan asoslagan. Sudda prefekturaning taqiqiga qarshi chiqishga uringan uyushmalar hukmni “siyosiy” deb atagan.
Bunga qaramay, bugun shaharning Chatelet maydonida namoyishchilar to‘planib, G‘azoda falastinlik tinch aholi uchun gumanitar koridor ochishni talab qilgan.
Fransiyaning Orlean va Monpele ma’muriyatlari esa mitinglar o‘tkazishga ruxsat bergan.
Italiya poytaxti Rim ko‘chalari qisqa vaqt davomida bo‘sh turgan, xolos. 27 oktyabrdagi namoyishdan so‘ng kechqurun tarqalib ketgan ishtirokchilar ertasi kuni qo‘llarida Falastin bayroqlari bilan yana u yerga qaytgan.
Ayni paytda Bosh vazir Jorjiya Meloni Italiyaning BMT Bosh Assambleyasida G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiruvchi rezolyutsiyaga ovoz berishda betaraf bo‘lish qarori HAMAS va Isroil o‘rtasidagi keskinlashuvni to‘xtatishga qaratilganini aytgan.
"Bu barcha mumkin bo‘lgan pozitsiyalar ichida eng muvozanatlisi edi", degan Meloni.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 28 oktyabr kuni Turkiyaning Istanbul shahrida ham Falastinni qo‘llovchi miting bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham qatnashdi.