Yevropa ortidan Kanada ham Kreml “korchalonlarini“ “qora ro‘yxat"ga kiritdi

Olam

image

Kanada hukumati Rossiya muxolifati rahbari Aleksey Navalniy bilan bog‘liq vaziyat tufayli mamlakatning 9 nafar amaldoriga qarshi sanksiyalar joriy qildi. Bu haqda Kanada Tashqi ishlar vaziri Mark Garnoning kecha, 24 mart kuni e’lon qilgan bayonotida aytilgan.

Ma’lum qilinishicha, ushbu ro‘yxatga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti administratsiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Sergey Kiriyenko, Federal xavfsizlik xizmati rahbari Aleksandr Bortnikov,  Rosgvardiya qo‘mondoni Viktor Zolotov, Prezidentning ichki siyosat bo‘limi boshlig‘i Andrey Yarin, Mudofaa vazirining o‘rinbosarlari Aleksey Krivoruchko va Pavel Popov, Sibir Federal okrugi muxtor vakili Sergey Menyailo, Jazoni ijro etish Federal xizmati boshlig‘i Aleksandr Kalashnikov va Bosh prokuror Igor Krasnov kiritilgan.

Xabarga ko‘ra, ular uchun Kanadaga kirish taqiqlanadi va ushbu mamlakatda mavjud bo‘lgan barcha bank hisob raqamlari yopiladi.

Bayonotda ta’kidlanishicha, sanksiyalar Rossiya ma’muriyatidagi yuqori lavozimli amaldorlarga bosim o‘tkazish bo‘yicha kelishilgan diplomatik harakatlarning bir qismi hisoblanadi. 

Mark Garnoga ko‘ra, ushbu choralar Kanada qonunchiligiga muvofiq “Rossiyada inson huquqlari buzilishi“ga javoban qabul qilingan hamda AQSH va YeI tomonidan mart oyining boshlarida amalga oshirilgan shu kabi harakatlar bilan muvofiqlashtirilgan.

“Kanada Rossiya xalqini repressiyalardan qo‘rqmasdan o‘zlarining erkin fikr bildirish va tinch yig‘ilish huquqidan foydalanish istagini qo‘llab-quvvatlaydi“, deydi Kanada TIV rahbari.

O‘z o‘rnida Rossiyaning Kanada poytaxti Ottava shahridagi elchixonasi sanksiya qo‘llanishiga doir bayonotga quyidagicha javob qaytardi

“Rossiyaga qarshi navbatdagi sanksiyalar xalqaro huquq nuqtai nazaridan samarasiz, noqonuniy hisoblanadi va javobsiz qolmaydi“, deyiladi elchixona bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, 2 mart kuni AQSH Moliya vazirligi hamda Yevropa Ittifoqi muxolifatchi Aleksey Navalniy bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan Rossiyaning bir qator yuqori lavozimdagi amaldorlariga qarshi sanksiyalar qo‘llashi haqida qaror qabul qilgandi. Ularning orasida Kanadaning ham sanksiya ro‘yxatiga tushgan Rossiya Federatsiyasi Bosh prokurori Igor Krasnov, Jazoni ijro etish Federal xizmati boshlig‘i Aleksandr Kalashnikov, Mudofaa vaziri o‘rinbosarlari Aleksey Krivoruchko va Pavel Popov hamda Rosgvardiya qo‘mondoni Viktor Zolotovlar bor edi.

Ma’lumot o‘rnida, 2 fevral kuni Moskvaning Simonovsk sudi Aleksey Navalniyning “Iv Roshe” ishi bo‘yicha shartli hukmini haqiqiy jazo bilan almashtirdi. Muxolifatchi 2,5 yilni koloniyada o‘tkazadigan bo‘ldi. Bundan tashqari, sud Ikkinchi Jahon urushi faxriysiga qarshi tuhmat holati bo‘yicha Aleksey Navalniyga 850 ming rubl miqdorida jarima ham solgan.

Ayni vaqtda Navalniyning advokati u bilan uchrasha olmayotgani va muxolifatchining sog‘lig‘ida muammolar paydo bo‘lgani to‘g‘risida xabarlar tarqalmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing