Yevropa Kengashi YeIning yangi rahbarlarini sayladi
Olam
−
28 iyun
3530Yevropa Ittifoqi mamlakatlari yetakchilari kecha, 27 iyun kuni kechqurun Bryusseldagi sammitda ittifoqning asosiy institutlarining yangi rahbarlariga ovoz berdi. Bu haqda “Politico” xabar berdi.
Ovoz berish natijasida Ursula fon der Lyayen Yevrokomissiya raisi bo‘lib qoladi, Yevropa kengashiga Portugaliyaning sobiq bosh vaziri Antonio Koshta, Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat xizmatiga esa Estoniya Bosh vaziri Kaya Kallas rahbarlik qiladi.
Ularning nomzodlarini ma’qullash uchun kengaytirilgan malakali ko‘pchilikning qo‘llab-quvvatlashi zarur edi. Bunga bir vaqtning o‘zida ikkita shartni bajarish orqali erishiladi: 27 a’zo davlatdan kamida 20 tasi (72%), Yevropa Ittifoqi aholisining kamida 65 foizi taklif uchun ovoz berishi kerak.
Liderlarni tanlashning nozik mavzusi Ukrainadagi urush, Yevropa Ittifoqi mudofaasi va xavfsizligi hamda Yaqin Sharqdagi mojaro mavzusini muhokama qilgandan so‘ng kun tartibining eng quyi qismiga surilganligi sababli intriga sammitning birinchi kuni oxirigacha davom etdi.
Bundan oldin Bryusselda Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni nomzodlarni ko‘rsatish jarayoniga aralashmaganidan norozi ekani ma’lum bo‘lgan edi. Nazariy jihatdan, u fon der Lyayen, Koshta va Kallasga qarshi ovoz berishi mumkin edi, ularning nomzodlari bitta paketda ovozga qo‘yilgan.
Endi bo‘lajak liderlar yana bir to‘siqni yengib o‘tishlari kerak: yangi Yevropa parlamenti ularning nomzodlarini va yangi Yevropa komissarlarini tasdiqlashi kerak. Yevropa Ittifoqining eng yirik siyosiy bloki, 720 o‘rinli yangi parlamentda 190 o‘ringa ega bo‘lgan Yevropa xalq partiyasi deputatlarining aksariyati fon der Lyayenni qo‘llab-quvvatlashi kutilmoqda. Lekin ko‘pchilik ovozini qo‘lga kiritishi uchun unga boshqa partiyalar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi va parlament a’zolarining yarmidan sal ko‘prog‘ining ovozi kerak bo‘ladi.
Yangi chaqiriq Yevropa parlamentining birinchi sessiyasi 16-19 iyul kunlari Strasburgda bo‘lib o‘tadi.
LiveBarchasi