Yevropa “qaynamoqda”: issiqlik to‘lqini sabab favqulodda choralar kuchaytirildi
Olam
−
07 avgust 1929 3 daqiqa
Yevropada kuzatilayotgan kuchli jazirama bir qator mamlakatlarni favqulodda choralar ko‘rishga majbur qildi. Italiya barcha yirik shaharlarida eng yuqori qizil darajadagi issiqlik ogohlantirishini e’lon qilgan bo‘lsa, Vengriya energiyani tejash maqsadida davlat binolari va tarixiy obidalardagi chiroqlarni o‘chirmoqda. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Yevropa dunyoda eng tez isib borayotgan qit’a bo‘lib qolmoqda. Joriy yoz mavsumida qit’ada rekord darajadagi harorat sabab yirik o‘rmon yong‘inlari va qurg‘oqchilik kuzatilmoqda. Ayniqsa, Fransiya va Ispaniyada yong‘inlar katta hududlarni qamrab olgan.
Yevropa Ittifoqi mamlakatlarni o‘rmon yong‘inlari xavfini kamaytirish uchun tabiatni muhofaza qilish va profilaktika choralariga ko‘proq mablag‘ ajratishga chaqirgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, yozgi yong‘inlarning iqtisodiy zarari allaqachon 15 milliard yevrodan oshgan.
Shuningdek, Bolgariyada ham yirik o‘rmon yong‘inlari qayd etilgan. Kuchli shamol alangani poytaxt Sofiyadan 70 kilometr uzoqlikdagi hududlarga olib o‘tganidan so‘ng Trakiya avtomagistrali ikki yo‘nalishda ham yopilgan.
Italiya Sog‘liqni saqlash vazirligi Palermo shahridan Bolsanogacha bo‘lgan barcha yirik shaharlarda qizil xavf darajasini joriy qilgan. Rasmiylar uzoq davom etadigan yuqori harorat aholi salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘dirishini bildirgan.
Assisi shahrida Rim Papasi Leo ishtirokidagi tadbirda jazirama sabab ziyoratchilarni sovitish uchun ularga suv purkalgan. Rimdagi sayyohlar esa soyabonlardan foydalanib, shahar favvoralarida salqinlashishga harakat qilgan.
Kecha, 6 avgust kuni Italiyaning Emiliya-Romanya mintaqasining ayrim hududlarida havo harorati 40 darajadan oshgan. Ravennaga yaqin Banyakavallo shahrida esa 42,8 daraja issiq qayd etilgan.
Vengriya hukumati energiya iste’molini kamaytirish maqsadida parlament binosi, Buda qal’asi va Zanjir ko‘prigi kabi tarixiy ob’ektlardagi dekorativ yoritishni o‘chirib qo‘ygan.
Bundan tashqari, Dunay daryosida suv sathining rekord darajada pasayishi mamlakatdagi yagona atom elektr stansiyasi faoliyatiga ham ta’sir ko‘rsatgan. Elektr stansiyasi reaktorlarini sovitishda daryo suvidan foydalanilgani sababli uning quvvati qisqartirilgan.
Ruminiya ham shunga o‘xshash muammoga duch kelmoqda. Mamlakat Dunay suvidan atom elektr stansiyasini sovitish uchun foydalanishni davom ettirish maqsadida daryoga tosh ortilgan barjalarni cho‘ktirish rejasini ishlab chiqmoqda. Buxarestda esa elektr energiyasini tejash uchun ko‘cha chiroqlarining yorqinligi kamaytirilib, tarixiy binolar va muzeylarning tungi yoritilishi o‘chirilgan.
Moldova hukumati ham aholini elektr energiyasini tejashga chaqirgan. Aks holda mamlakat elektr tanqisligi va uzilishlar xavfi bilan yuzlashishi mumkin.
Bosniya va Gersegovinada esa jaziramada qochayotgan sayyohlar UNESCO’ning Butunjahon merosi ro‘yxatidagi Vetrenitsa g‘orini o‘ziga xos salqin maskanga aylantirgan. Yil davomida 11 daraja harorat saqlanadigan g‘or yozning eng issiq kunlarida mahalliy aholi va sayyohlar uchun salqin maskanga aylangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyada joriy yil boshidan buyon yuqori haroratlar oqibatida qariyb 10 ming kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi