Yevrokomissiya G‘azo aholisi uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratishini e’lon qildi
Olam
−
03 mart
4733Yevrokomissiya Falastin aholisini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha 68 million yevro ajratishga qaror qildi. Bu haqda “Euronews” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur yordam xalqaro hamkorlar, jumladan Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy jamiyati orqali amalga oshiriladi.
Ushbu mablag‘lar 2024 yilda BMTning Yaqin Sharqdagi Falastinlik qochqinlarga yordam va ishlar agentligi (UNRWA) orqali taqdim etiladigan 82 million yevrolik YeIning yana bir yordam paketini to‘ldiradi. Natijada umumiy summa 150 million yevroga yetadi.
“Biz G‘azo va mintaqaning boshqa mamlakatlaridagi Falastin xalqini qo‘llab-quvvatlaymiz. Begunoh falastinliklar boshqalarning jinoyatlari uchun javob bermasligi kerak. Ular yetarli darajada oziq-ovqat va boshqa asosiy ehtiyojlarga ega bo‘lmagani uchun hayotlarini xavf ostiga qo‘yadigan og‘ir sharoitlarga duch kelmoqda. Shuning uchun biz bu yil ularni qo‘llab-quvvatlashni yana 68 million yevroga oshirmoqdamiz”, deydi Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen.
Shuningdek, Yevropa Komissiyasi kelasi hafta UNRWA’ga yana 50 million yevro ajratishni rejalashtirganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, yanvar oyi oxirida Isroil UNRWA xodimlarini 2023 yil oktyabr oyida HAMASning mamlakat janubiga hujumiga bevosita aloqadorlikda ayblagandi.
Shundan so‘ng, bir qator davlatlar UNRWA’ni moliyalashtirishni vaqtincha to‘xtatganini e’lon qildi – ular orasida Germaniya, AQSH, Avstraliya, Buyuk Britaniya, Italiya, Kanada va Finlyandiya kabi donor davlatlar ham bor edi. Yevropa Ittifoqi esa Falastin agentligining auditini o‘tkazishni talab qildi.
Sarvar Xurramov
LiveBarchasi